Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik shodiyonasini munosib yutuqlar bilan qarshi olish arafasida Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti jamoasi oʻz faoliyatining 5 yillik qutlugʻ sanasini ham yuksak natijalar bilan qarshi olmoqda.
Qisqa davr ichida Institut nafaqat sifatli taʼlim, balki ilmiy izlanish, innovatsiya va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida ham oʻz salohiyatini namoyon etib kelmoqda.
Buning yaqqol isboti — Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti (FTTI) talabalarining xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli tanlov va olimpiadalarda qoʻlga kiritayotgan yuksak natijalaridir.
Jumladan, Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida “Farmatsiya” taʼlim dasturida tahsil olayotgan 3–5-bosqich talabalari oʻrtasida “Farmatsevtik kimyo” va “Farmakognoziya” fanlari boʻyicha oʻtkazilgan II Xalqaro fan olimpiadasida Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti jamoasi I oʻrinni egalladi.
Shuningdek, 2025-yil noyabr oyida Janubiy Qozogʻiston tibbiyot akademiyasida oʻtkazilgan xalqaro fan olimpiadasida ham institut talabalari I oʻrinni qoʻlga kiritib, Institut sharafini munosib himoya qildilar.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida oʻtkazilgan “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining VII Xalqaro olimpiadasida ham Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti talabalari yuqori natijalarni qayd etib, ikki nafar talaba I oʻrin, yana bir talaba esa III oʻrin sohibi boʻldi.
Institut yoshlarining ilmiy-innovatsion salohiyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika koʻrik-tanlovida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
2025–2026 oʻquv yilida tanlovning tuman bosqichlarida Institutning 30 nafar talabasi ilmiy va innovatsion loyihalari bilan ishtirok etib, ulardan 16 nafari viloyat bosqichiga yoʻllanma oldi. Keyingi saralash bosqichlari natijasida 9 nafar talaba respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Eʼtiborlisi, respublika bosqichi yakuniga koʻra Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining ikki nafar talabasi mamlakatning eng iqtidorli va istiqbolli yoshlari qatorida eʼtirof etilib, “Eng iqtidorli 100 nafar yosh” safidan munosib oʻrin egalladi.
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Institut jamoasining mehnati va faoliyatiga berilgan yuksak baho sifatida yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Institut taʼsischisi, professor A.N. Yunusxoʻjayev, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor, professor Sh.Z. Umarova hamda yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor, dotsent K.K. Ismoilov “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.
Bu eʼtirof Institut jamoasining taʼlim, ilm-fan va yoshlar tarbiyasi yoʻlidagi samarali faoliyatiga berilgan munosib baho boʻldi.
Shu bilan birga, Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutining iqtidorli talabasi Maʼrufjon Dilmurodov nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida birinchi boʻlib “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak eʼtirof Institut yoshlarining bilim, iqtidor va tashabbuslari munosib qadrlanayotganining yana bir yorqin namunasidir.
Bugungi yutuqlar — Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot institutida taʼlim va ilmiy izlanish uygʻunligi, ustoz-shogird anʼanalari, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va jamoaning fidokorona mehnati samarasidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib natijalar bilan kirib borayotgan, oʻzining 5 yillik faoliyatini yuksak yutuqlar bilan qarshi olayotgan Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti jamoasi oldida yanada ulkan maqsadlar va marralar turibdi.
Zero, taʼlim — tadqiqotga, tadqiqot — taraqqiyotga yetaklaydi!
Barchangizni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot institutining 5 yillik qutlugʻ sanasi bilan samimiy muborakbod etamiz!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, istiqlolimiz abadiy boʻlsin! Farmatsevtika sohasi taraqqiyoti, ilm-fan rivoji va yoshlarimiz kelajagi yoʻlidagi ezgu ishlarimiz yanada yuksak natijalar bilan davom etsin!
