O‘zbekistonda ilmiy tashkilotlar uchun yagona reyestr joriy etiladi. Tashkilotlarni ro‘yxatga olish bepul bo‘lib, arizalar 4 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Olimlarga esa umrbod o‘zgarmaydigan ilmiy identifikatsiya raqami beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qaroriga muvofiq, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar yagona reyestrga kiritiladi. Uni Innovatsion rivojlanish agentligi maxsus axborot tizimi orqali yuritadi.
Reyestrga qanday kiritiladi?
Tashkilot rahbari yoki mas’ul xodim Davlat xizmatlari markazi yoxud my.gov.uz orqali ariza topshiradi. Xizmat bepul, ariza 4 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Kamchiliklarni tuzatish uchun 3 ish kuni beriladi, ijobiy qarordan keyin tashkilot 1 ish kunida reyestrga kiritiladi.
Reyestrga O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va “Yagona milliy mehnat tizimi”da mavjud tashkilotlar kiritiladi. Arizani faqat hujjatlarda xato bo‘lsa, zarur hujjatlar yetishmasa yoki tashkilot talablarga mos kelmasa rad etish mumkin.
Olimlarga umrbod raqam beriladi
Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga ilmiy identifikatsiya raqami avtomatik va bepul beriladi. U bir marta ajratiladi va familiya yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlar o‘zgarganda ham saqlanib qoladi. Raqam boshqa shaxsga berilmaydi. Tashkilot rahbari barcha xodimlarning shunday raqamga ega bo‘lishini nazorat qiladi.
Reyestr tashkilotlarga nima beradi?
Reyestrga kiritilgan tashkilot uchun shaxsiy kabinet ochiladi. U orqali agentlik axborot tizimlaridan foydalanish, ilmiy loyihalar va tanlovlarga ariza topshirish mumkin. Tashkilot va xodimlarning ilmiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar ham shu yerda jamlanadi.
Tizim qachon ishga tushadi?
- 2027-yil 1-yanvargacha — reyestrning maxsus axborot tizimi;
- 2027-yil 1-fevralgacha — ro‘yxatdan o‘tish xizmati my.gov.uz va Davlat xizmatlari markazlarida;
- 2027-yil 1-aprelgacha — ilmiy va innovatsion faoliyatning yagona elektron bazasi ishga tushiriladi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Ilmiy daraja beruvchi kengashlar faoliyatini 100 ballik tizim asosida baholab, natijalariga ko‘ra reyting guruhlariga ajratish taklif qilinmoqda. Reyting natijalariga qarab faoliyatida kamchiliklar aniqlangan kengashlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
