Har yili kamida 50 ta maktabda inklyuziv ta’lim muhitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun grant ajratilishi mumkin. Har bir tashabbus uchun grant miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha bo‘lishi mumkin.
Muhokamalar portaliga “Inklyuziv ta’lim muhiti” grantini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, grant davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida nogironligi bo‘lgan va alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun zarur sharoitlarni yaratish, ta’lim muhitining qulayligi va sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Grant mablag‘lari ota-onalar, pedagoglar va mahalliy aholi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. Bunda har yili kamida 50 ta maktabda tashabbuslarni amalga oshirish, har bir tashabbus uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha grant beriladi.
Loyihada grant mablag‘lari quyidagi yo‘nalishlarga sarflanishi belgilangan:
- o‘quv xonalari, sanitariya-gigiyena xonalari va umumiy foydalanish joylarini bolalar ehtiyojlariga moslashtirish;
- sensor, korreksion va resurs xonalarini tashkil etish hamda jihozlash;
- assistiv texnologiyalar, maxsus ta’lim vositalari, muqobil va qo‘shimcha muloqot vositalari hamda moslashtirilgan o‘quv materiallarini xarid qilish;
- bolalarning muloqot qilishi va ta’lim jarayonida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish.
Ota-onalar, pedagoglar va mahalliy aholi ‘‘Inklyuziv ta’lim muhiti’’ grantini olish uchun o‘z takliflarini ‘‘Yagona milliy ijtimoiy himoya’’ axborot tizimi orqali kiritishi mumkin. Bunda maktabdagi muammo, uning bolalar ta’limiga ta’siri, taklif etilayotgan yechim va kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berilishi kerak.
Tashabbuslar 100 ballik mezon asosida baholanadi. 60 va undan yuqori ball to‘plagan tashabbuslar ovoz berish bosqichiga o‘tkaziladi. Har bir fuqaro bir marta, bitta tashabbus uchun ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Ovoz berish elektron platforma, SMS xizmati yoki platformaga integratsiya qilingan rasmiy botlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bunda g‘olib deb topilishi uchun kamida 500 ta ovoz to‘plashi lozim. Har bir maktab bo‘yicha eng ko‘p haqiqiy ovoz olgan tashabbus g‘olib deb belgilanadi. Tashabbuslarni qabul qilish har yili 1–15-fevral kunlari, ovoz berish esa 1–10-aprel kunlari o‘tkazilishi belgilangan. G‘olib tashabbuslar ro‘yxatini 16–20-aprel kunlari tasdiqlash va elektron platformada e’lon qilinadi.
Avvalroq, inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar uchun maxsus pedagog yoki assistent-o‘qituvchi shtati Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida ajratilishi haqida xabar berilgan edi. Bunda har bir sinf uchun 1,0 birlik shtat belgilanadi.
