Yangi o‘quv yili arafasida Sog‘liqni saqlash vazirligi maktab sumkasini to‘g‘ri tanlash va taqish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Vazirlikka ko‘ra, noto‘g‘ri tanlangan yoki haddan tashqari og‘ir ryukzak bolaning umurtqa pog‘onasi va mushaklariga ortiqcha yuklama tushirishi mumkin.
Xabaringiz bor, bir necha kundan so‘ng O‘zbekistondagi maktablarda 2026/2027 o‘quv yili boshlanadi. Shu munosabat bilan o‘quv qurollari, jumladan, maktab sumkalarini xarid qilishda uning o‘lchami, og‘irligi va bolaga qanday taqilishiga e’tibor berish muhim.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga ko‘ra, ryukzak bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan mos o‘lchamda bo‘lishi kerak. Sumkaning tasmalari keng va yumshoq bo‘lishi, yelkaga botmasligi hamda yumshoq yostiqchaga ega bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, ryukzak matosi suv o‘tkazmaydigan, orqa qismi esa yetarlicha qalin va yumshoq bo‘lishi kerak. Kitob va boshqa qattiq buyumlar bolaning bel hamda kurak sohasiga botib qolmasligi lozim.
Eslatib o‘tamiz, 15-avgustdan 1-oktyabrga qadar poytaxtdagi maktablar, dehqon bozorlari va savdo majmualarida “Maktab bozorlari” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Unda oʻquvchilar uchun darsliklar, oʻquv qurollari va maktab kiyim-kechaklari savdosi tashkil etilgan.
Sumka qancha og‘ir bo‘lishi kerak?
Ryukzakning umumiy og‘irligi bola vaznining 10–15 foizidan oshmasligi tavsiya etiladi.
Kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun sumkaning og‘irligi taxminan 3–5 kilogramm, o‘rta sinf o‘quvchilari uchun esa 6–8 kilogramm atrofida bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Ryukzakni qanday taqish kerak?
Vazirlikning ta’kidlashicha, ryukzakni har ikki yelkaga baravar osib yurishni tavsiya qilinadi. Sumka beldan juda pastga tushib ketmasligi kerak.
Ryukzakni faqat bir yelkada olib yurish tavsiya etilmaydi.
Buyumlarni sumkaga qanday joylashtirish kerak?
Og‘ir buyumlarni ryukzakning o‘rta qismiga, yengil buyumlarni esa ikki tomoniga muvozanatli joylashtirish tavsiya etiladi.
Bu orqali sumkadagi yukni bir tekis taqsimlash mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi maktab sumkasini tanlashda nafaqat uning tashqi ko‘rinishi, balki o‘lchami, og‘irligi, tasmalari, orqa qismi va buyumlarni joylashtirish imkoniyatiga ham e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq, OTM, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
