Toshkent shahar hokimining qaroriga koʻra, 2026-yil 15-avgustdan 1-oktabrga qadar poytaxtdagi maktablar, dehqon bozorlari va savdo majmualarida “Maktab bozorlari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Unda oʻquvchilar uchun darsliklar, oʻquv qurollari va maktab kiyim-kechaklari savdosi tashkil etiladi.
Toshkent shahar hokimining 2026-yil 5-avgustdagi 393-14-0-Q/26-son qarori bilan yangi 2026/2027-oʻquv yiliga tayyorgarlik doirasida “Maktab bozorlari”ni tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 15-avgustdan 1-oktabrga qadar Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablari, dehqon bozorlari hamda savdo komplekslarida “Maktab bozorlari” faoliyat yuritadi.
Mazkur bozorlarda oʻquvchilarning maktab kiyim-kechaklari, darsliklari, oʻquv qurollari va boshqa zarur jihozlari yetarli miqdorda sotuvga chiqarilishi taʼminlanadi.
Shuningdek, davlat matbuoti va nashriyot-matbaa kompaniyalariga oʻquv darsliklari savdosi uchun kitob doʻkonlarining murojaatlariga binoan maktab bozorlari hududida savdo rastalari ajratilishi belgilandi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahrining barcha tumanlarida jami 16 ta maktab hududi, shuningdek 14 ta dehqon bozori va savdo kompleksida maktab bozorlari tashkil etiladi. Umumiy savdo nuqtalari soni 256 tani tashkil etadi.



