Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 57-maktabning 10-sinf bitiruvchisi Burhonova Xonzodabonu Farhod qizi joriy yilda ona tili va adabiyot fanidan A daraja, ingliz tilidan esa CEFR B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, uning she’rlari tuman gazetasida chop etilgan, ijod namunalari esa alohida kitob holida ham nashr etilgan.
Xonzodabonuning aytishicha, ingliz tilini 8-sinfdan boshlab mutlaqo noldan o‘rganishni boshlagan. CEFR imtihoniga esa atigi 3 oy — fevral, mart va aprel oylarida puxta tayyorgarlik ko’rib, B2 darajasini qo‘lga kiritgan.
Ona tili fanidagi natija esa undan ham ko‘proq mehnat talab qildi. U 9 oy davomida deyarli har kuni tayyorgarlik olib bordi va yakunda maksimal — A daraja, ya’ni 100 foizlik natijaga erishgan.
Bu natijalarga erishishimda ustozlarim va, eng avvalo, onajonimning hissasi juda katta. Ular meni har doim qo‘llab-quvvatladilar, qiyinchiliklarga duch kelganimda esa dalda bo‘ldilar, — deydi u.
O‘quvchining ta’kidlashicha, tayyorgarlik vaqtida tengdoshlarining sayr qilayotgani, kafe va restoranlarda hordiq chiqarayotganini ko‘rgan paytlari ham oz bo‘lmagan. Ammo u o‘z oldiga qo‘ygan maqsaddan chekinmagan.
Ba’zida qiyin bo‘ldi. Lekin bugungi mehnat ertangi kunning lazzati bo‘lishini yaxshi bilardim. Shu sababli vaqtimni bilim olishga sarflashni afzal ko‘rdim.
Xonzodabonu muvaffaqiyatning asosiy siri sifatida sabr, mas’uliyat va intizom deb hisoblaydi.
She’riyatga oshno qalb
Xonzodabonuning ijodga qiziqishi ham maktab davridayoq boshlangan.
U ilk she’rini 5-sinfda maktab tadbirlaridan biri uchun yozgan. O‘sha she’rni bobosiga o‘qib berganida, bobosi uning iste’dodini payqab, ijodini qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan bobosining sa’y-harakatlari bilan ilk she’rlari tuman gazetasida chop etiladi. Bu esa yosh ijodkorning she’riyatga bo’lgan mehrini yanada oshirgan.
Keyinchalik uning she’rlari alohida kitob holida ham nashr etilgan.
Bugun u oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun tayyorgarlik sabab ijoddan biroz tanaffus olgan bo‘lsa-da, kelajakda o‘zining shaxsiy she’rlar to‘plamini chop ettirishni eng katta orzularidan biri deb biladi.
Katta maqsadlar sari
Bugungi kunda Xonzodabonuning asosiy maqsadi — oliy ta’lim muassasasiga maksimal 189 ball bilan grant asosida talabalikka qabul qilinish.
Kelgusida esa u O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, IELTS imtihonidan yuqori natija qayd etib, magistratura bosqichini xorijdagi nufuzli universitetlardan birida davom ettirishni maqsad qilgan.
Xonzodabonuni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, CEFR B2, matematika fanidan A, tarix fanidan B, o‘zbek tili va adabiyot fanidan C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan farg‘onalik abituriyent Rahmonov Abrorjon bilan suhbatlashgan edik.


