15-iyuldan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlanadi. Bunda kredit-modul tizimida tahsil olayotgan talabalarning GPA ko‘rsatkichi kamida 2,4 bo‘lishi talab etiladi.
15-iyuldan 2026/2027-o‘quv yili uchun o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlanadi.
Oliygohlararo o‘qishni ko‘chirish (davlat)
O‘zbekistondagi bir davlat oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga faqat 2 holatda o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi:
1) talaba oila qurganda va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTTga ko‘chmoqchi bo‘lganda;
2) davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chganda va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lganda (ishga kirgan vazirlik xati asosida).
Xorijdan o‘qishni ko‘chirish
Bunda talaba mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshirishi kerak. Shu bilan birga, talaba Bilim va malakalarni baholash agentligi imtihonidan o‘tish ballini to‘plashi kerak. Bu yerda talaba uchun qo‘shimcha imkoniyat bor. Agar u belgilangan ballni to‘play olmasa, super-kontraktni to‘lab ham o‘qishni ko‘chirishi mumkin.
Biroq bu tartib faqat mos va turdosh yo‘nalish talablari uchun amal qiladi. Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTTdan o‘qishni ko‘chirish
Bunda talaba mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi va o‘tish ballini ham to‘plashi kerak bo‘ladi. Bunday talaba o‘tish balini to‘play olmasa, super-kontrakt shartlari asosida o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat beriladi.
Shu yerda muhim jihat: mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalish uchun esa bir martalik super-kontrakt to‘lab, imtihonsiz ko‘chirishi mumkin.
Bu tartib xorijiy davlatdan O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishi uchun amal qilmaydi.
Quyidagilarni davlat nazorat qilmaydi, ko‘chirish shartlarini nodavlat OTTning o‘zi belgilaydi:
– davlat OTTdan nodavlat OTTga o‘qishni ko‘chirish tartibini nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zi mustaqil belgilaydi;
– nodavlat OTTdan nodavlat OTTga o‘qishni ko‘chirish;
– xorijdan nodavlat OTTga o‘qishni ko‘chirish.
Quyidagilar OTT rektori tomonidan hal qilinadi:
– davlat OTT ichida bir yo‘nalish yoki fakultetdan boshqa yo‘nalish yoki fakultetga o‘qishni ko‘chirish;
– bir OTT va hatto bir yo‘nalish doirasida ta’lim shaklini yoki tilni o‘zgartirish.
Arizalar qabuli
Respublikadagi bir davlat oliygohidan boshqa davlat oliygohiga yoki bir oliygoh ichida o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar transfer.edu.uz sayti orqali ariza topshirishi mumkin.
Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTTga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar esa my.uzbmb.uz sayti orqali hujjat topshirishlari mumkin.
Ariza topshirish jarayonida talabadan quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
– ariza (onlayn tarzda);
– transkript yoki reyting daftarchasi (JPG yoki PDF shakli);
– akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun).
Ma’lumot uchun, o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli 15-iyuldan 5-avgustgacha davom etadi.
Shuningdek, endilikda OTT rektori faqat mos va turdosh yo‘nalishlar doirasidagina ko‘chirishga buyruq bera oladi. Agar bir oliygoh ichida bo‘lsa ham, turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, qarorni rektor emas, Davlat komissiyasi qabul qiladi.
O‘zbekistondagi nodavlat va xorijiy OTTlardan davlat OTTlarining mos bo‘lmagan yo‘nalishiga imtihonsiz o‘tib bo‘lmaydi. Ular ham o‘rnatilgan tartibda imtihon topshiradi va tabaqalashtirilgan kontraktning (super-kontrakt) minimal miqdorini to‘lab ko‘chiriladi.
Kredit-modul tizimidagi talabaning o‘qishini ko‘chirishda GPA ko‘rsatkichi 2,4 dan yuqori bo‘lishi talab etiladi. Agarda fanlar farqi ko‘p yoki GPA yetarli bo‘lmasa, talabaga o‘qishini quyi kursdan (semestrdan) davom ettirishga ruxsat berilishi mumkin.
Xorijiy va nodavlat OTTlarning magistratura bosqichida o‘qiyotgan talabalarga o‘qishini davlat OTTlariga ko‘chirishga endi umuman ruxsat berilmaydi.
Avvalroq, o‘qishni ko‘chirish uchun elektron so‘rovnomaga qanday ma’lumotlar kiritilishi haqida xabar bergan edik.
