15-iyuldan boshlanadigan o‘qishni ko‘chirish jarayonida talabalar elektron so‘rovnomani to‘ldirish orqali ariza yuboradi. Bunda shaxsiy ma’lumotlar, amaldagi OTM, ko‘chirilmoqchi bo‘lgan OTM hamda boshqa zarur hujjatlar to‘g‘ri va to‘liq kiritilishi talab etiladi.
Xabar berganimizdek, xorijiy va nodavlat oliygohlardan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar arizalari 15-iyuldan 6-avgustgacha ko‘rib chiqiladi. Arizasi tasdiqlangan talabalar esa mutaxassislik fanlari bo‘yicha maxsus sinov imtihonlaridan o‘tadi.
O‘qishni ko‘chirish (perevod) bo‘yicha arizangizni muvaffaqiyatli yuborish uchun maxsus elektron so‘rovnomaga quyidagi ma’lumotlarni aniq kiritishingiz lozim:
Talaba haqidagi shaxsiy ma’lumotlar:
– FISh, Pasport yoki ID-karta ma’lumotlari hamda JSHSHIR;
– Telefon raqami va elektron pochta manzili.
Hozirgi (o‘qiyotgan) OTT haqida ma’lumotlar:
– OTT joylashgan davlat va oliygoh nomi;
– Ta’lim yo‘nalishi nomi va kodi, ta’lim shakli hamda tugatgan kursi;
– Akademik ma’lumotnoma (transkript) — baholar varaqasi.
Ko‘chirmoqchi bo‘lgan OTM haqida ma’lumotlar:
– Maqsadli OTM nomi, yo‘nalish nomi, kodi, ta’lim shakli va tili;
– Imtihon topshirish hududi (qaysi viloyatda test bermoqchiligingiz);
– Imtiyoz beruvchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar (agar mavjud bo‘lsa).
Avvalroq, xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

