Xorijiy va nodavlat oliygohlardan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar arizalari 15-iyuldan 6-avgustgacha ko‘rib chiqiladi. Arizasi tasdiqlangan talabalar esa mutaxassislik fanlari bo‘yicha maxsus sinov imtihonlaridan o‘tadi.
Xabar berganimizdek, xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Endi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekistondagi davlat OTMlariga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalarning arizalari yangi tartib asosida ko‘rib chiqiladi. Buning uchun talabgorlar elektron platformalar orqali murojaat yuboradi, hujjatlar esa mas’ul ishchi organlar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.
Arizalarni kim va qachon ko‘rib chiqadi?
Belgilangan tartibga ko‘ra, hujjatlar har yili 15-iyuldan 6-avgustga qadar ko‘rib chiqiladi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra ariza tasdiqlanishi yoki aniqlangan kamchiliklar sabab rad etilishi mumkin.
Yakuniy qaror haqida talabgorga YaIDXP yoki maxsus elektron platforma orqali xabarnoma yuboriladi.
Imtihon qanday tartibda bo‘ladi?
Arizasi ma’qullangan talabalar uchun maxsus sinov imtihonlari tashkil etiladi. Ushbu sinovlar talaba o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan mutaxassislik fanlaridan olinadi.
Imtihonlar talabgor o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan guruhning ta’lim tilida — o‘zbek, rus, qoraqalpoq yoki boshqa tillarda o‘tkaziladi.
Shuningdek, ta’lim yo‘nalishining xususiyatidan kelib chiqib, sinovlar test shaklida yoki kasbiy (ijodiy) imtihon ko‘rinishida tashkil etilishi mumkin.
Avvalroq, endi o’qishni ko’chirishda ham milliy va xalqaro sertifikatlar amal qilishi haqida xabar bergan edik.
