Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanidagi 68-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi bitiruvchisi Pirnazarov Shokirbek Rashid oʻgʻli toʻrtta fandan milliy sertifikatni qoʻlga kiritib, muddatidan avval talabalik baxtiga erishdi. U repetitorga qatnamasdan, asosan YouTube darslari va mustaqil tayyorgarlik orqali yuqori natijaga erishganini aytadi. Shokirbek kelgusida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Dasturiy injiniring yoʻnalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
“Maqsadim – sharoit bahona emasligini isbotlash edi”
Shokirbekning aytishicha, u sertifikat olishni faqat talaba boʻlish uchun emas, balki koʻpchilik bahona qiladigan omillar muvaffaqiyatga toʻsqinlik qila olmasligini koʻrsatish uchun boshlagan.
“Men oddiy qishloqda yashayman, oddiy maktabda oʻqidim. Maqsadim vaqt, pul va sharoitni muammo qiladiganlarga bular muvaffaqiyatga toʻsqinlik qila olmasligini isbotlash edi. Insonda qatʼiyat va oʻziga ishonch boʻlsa, u istagan natijasiga erisha oladi. Men buni oz boʻlsada uddaladim, deb oʻylayman” — deydi abituriyent.
Milliy sertifikatlar orqali u matematikadan A+, fizikadan A+, tarixdan C+, ona tili va adabiyotidan esa B+ darajasini qoʻlga kiritgan. Matematikaga 10 oy, fizikaga 11 oy tayyorlangan boʻlsa, tarix uchun 21 kun, ona tili uchun esa 17 kun vaqt ajratgan. Uning aytishicha, qisqa muddat tayyorlangan fanlarda maktabda olingan bilimlar ham katta yordam bergan.
Shokirbek repetitor xizmatidan umuman foydalanmagan.
“Repetitorga umuman pul sarflamadim. Xarajatlarim faqat kitoblar, oʻquv qoʻllanmalari va sertifikat imtihonlariga roʻyxatdan oʻtish bilan bogʻliq boʻldi. Hammasini hisoblaganda taxminan 4 million soʻm atrofida mablagʻ ketgan” — deydi u.
“Avval bilim, keyin vaqt bilan ishlash kerak”
Shokirbek kuniga oʻrtacha 4–5 soat sertifikatlarga tayyorgarlik koʻrgan. Asosan tushdan keyin va kechqurun dars qilgan, qolgan vaqtini maktab vazifalari hamda uy yumushlariga ajratgan.
“Har kunimni reja asosida tashkil qilganman. Uyqu vaqtim ham, dars qilish vaqtim ham oldindan belgilangan edi. Shu sabab maktab va sertifikat tayyorgarligini birgalikda olib borishda qiyinchilik boʻlmadi”— deydi Shokirbek.
Uning fikricha, eng samarali usullardan biri avval mavzuni puxta oʻzlashtirib, keyin vaqtga ishlashdir.
“Avval bilim olish kerak. Keyin taymer qoʻyib test ishlash orqali imtihon muhitini yaratish lozim. Shunda haqiqiy imtihonda vaqt taqsimoti ham, hayajon ham muammo boʻlmaydi”.
Shokirbekning aytishicha, tayyorgarlik davomida tushkunlik holatlari ham kuzatilgan. Bunday paytda u darsni vaqtincha toʻxtatib, dam olishga harakat qilgan.
“Bu tabiiy holat. Charchoq boʻlganda tiklanishga vaqt ajratish kerak. Menga oʻzimga boʻlgan ishonch va ota-onamning ishonchini oqlash istagi kuch berdi” — deydi oʻquvchi.
“Telefonni chalgʻituvchi emas, yordamchi vositaga aylantirish kerak”
Koʻpchilik telefonni oʻquvchini chalgʻitadigan omil deb hisoblaydi. Shokirbek esa undan toʻgʻri foydalanish muhimligini taʼkidlaydi:
“Telefonning oʻzi muammo emas. Uni qanday maqsadda ishlatishingiz muhim. Men undan darslar koʻrish, kerakli maʼlumotlarni izlash va sunʼiy intellektdan yordamchi sifatida foydalanish uchun foydalandim”.
Milliy sertifikat olishni maqsad qilgan oʻquvchilarga esa u bir maslahat beradi.
“Bu erishib boʻlmaydigan orzu emas. Eng muhimi, harakatdan toʻxtamaslik va oʻzingizga ishonish” — deydi u.
Shuningdek, uning fikricha, maktablarda oʻquvchilarning eʼtiborini mutaxassislik fanlariga koʻproq qaratish zarur.
Hozirda Shokirbek ingliz tilini oʻrganmoqda.
“Dasturlash sohasidagi asosiy manbalar ingliz tilida. Shu sabab hozir ingliz tilini puxta oʻrganishga harakat qilyapman” — deydi Shokirbek.
Avvalroq, 10-sinf oʻquvchisi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan oldin maksimal ball toʻplagani haqida xabar bergan edik.
