Respublikadagi umumta’lim maktablari uchun maktab maslahatchilarini saralashning navbatdagi bosqichi boshlandi. 6-iyuldan 18-iyulgacha davom etadigan suhbatlarda test sinovlarida yuqori ball to‘plagan 19 294 nafar nomzod ishtirok etadi.
Bugun 6-iyul sanasidan boshlab belgilangan jadval asosida respublikaning barcha hududlarida maktab maslahatchisi lavozimi uchun tanlovning suhbat bosqichiga start berildi.
Xabar berganimizdek, ikkinchi mavsum uchun suhbat bosqichi 6–18-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Tanlovning ikkinchi mavsumi doirasida respublikadagi 7 695 ta umumta’lim maktabi uchun vakant o‘rinlar e’lon qilingan edi. Mazkur vakansiyalar uchun jami 42 932 nafar nomzod hujjat topshirgan. Dastlabki saralashdan so‘ng belgilangan talablarga mos kelgan 38 303 nafar talabgor test sinovlarida ishtirok etdi. Test natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 19 294 nafar nomzod tanlovning navbatdagi bosqichi — suhbat jarayoniga yo‘llanma olgan.
Ma’lumot uchun, maktab maslahatchisi lavozimiga nomzod oliy ma’lumotga ega bo‘lishi shart. Bakalavr diplomi majburiy bo‘lib, magistratura yoki ilmiy darajaga ega bo‘lish ustunlik beradi. Shuningdek, nomzod pedagogika yoki psixologiya yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lishi lozim.
Joriy yilning 1-oktyabridan boshlab O‘zbekistonning bir qator hududlaridagi maktablarda “maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etilgan.
Nomzodlardan maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga oid qonunchilik, ta’lim standartlari hamda idoraviy va ichki lokal hujjatlarni yaxshi bilish talab etiladi. Bundan tashqari, davlat tilini mukammal bilishi, xorijiy tillardan kamida bittasini boshlang‘ich darajada o‘zlashtirgani maqsadga muvofiq. Rus, ingliz yoki boshqa chet tillarini bilish qo‘shimcha ustunlik hisoblanadi.
Maktab maslahatchisi kompyuter savodxonligiga ega bo‘lishi, Microsoft Office dasturlari (Word, Excel, PowerPoint va boshqalar) hamda internet va zamonaviy axborot texnologiyalaridan mustaqil foydalana olishi zarur.
Ishga qabul qilish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, tavsiyanomani ko‘rib chiqish, ariza topshirish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishni o‘z ichiga oladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, nomzodlar Respublika “Kelajak” markazlari tavsiyasi asosida maktablarda faoliyat boshlaydi. Barcha jarayonlar tasdiqlangan muddatlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Avvalroq, maktab maslahatchisi lavozimi yuzasidan berilayotgan ba’zi savollarga javob bergan edik.
