Bugungi kunda milliy sertifikat orqali yuqori natija qayd etayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Ana shunday o‘quvchilardan biri Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani 45-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Normamatova E’zoza. U 4 fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ballni qo‘lga kiritdi. E’zozaning aytishicha, bu natija ortida bir yarim yillik mehnat, qat’iy reja va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi yotadi.
Kelajakda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishni maqsad qilgan E’zoza Samarqand davlat chet tillar institutiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda. U milliy sertifikat olish g‘oyasi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Jamshid Farmonov tomonidan taklif qilinganini aytadi.
“Har kuni uch mahaldan dars o‘tardik. Asosiy fanlarga qariyb bir yarim yil tayyorlandim. Majburiy fanlardan tarixga uch oy, matematikaga esa bir oy vaqt sarfladim”, — deydi u.
E’zozaning ta’kidlashicha, har bir fan o‘ziga yarasha murakkab bo‘lgan. Ammo ingliz tili unga nisbatan osonroq tuyulgan. Eng ko‘p vaqt va mehnat esa ona tilidan yuqori natija olish uchun ketgan.
U natijalaridan mamnun ekanini aytar ekan, ayniqsa majburiy fanlardan bu qadar yuqori ball kutmaganini yashirmaydi.
“Sertifikat imtihonidagi savollar juda qiyin emasdi. O‘qigan o‘quvchi bemalol ishlay oladi”, — deydi E’zoza.
Yuqori natijalarga erishish jarayonida eng katta bosim esa boshqalarning ishonchini oqlash mas’uliyati bo‘lgan.
“Menga ishonganlarning ishonchini oqlolmay qolishdan qo‘rqardim”, — deydi u.
E’zoza maktab darslari bilan bir qatorda sertifikatlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun kunlik rejalar asosida ishlagan. Aynan reja bilan harakat qilish unga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va telefondan me’yorida foydalanishga yordam bergan.
“Kunlik maqsadlaringizni yozib boring. Har bir bajarilgan vazifaga belgi qo‘yish odamga motivatsiya beradi”, — deya maslahat beradi u tengdoshlariga.
Imtihonlarga tayyorgarlik davomida tushkunlikka tushgan paytlari ham bo‘lgan. Ayniqsa, ona tilidan kutgan natijasi chiqmaganida, yana urinib ko‘rishga qo‘rqqanini eslaydi. Biroq yaqinlari va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi unga yana kuch bergan.
“Harakatdan to‘xtamang. Bir martada o‘xshamasa ham maqsadingizdan voz kechmang”, — deydi E’zoza.
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Murodullayeva Amina bilan suhbat qilgan edik. Amina xalqaro SAT imtihonidan 1320 ball, IELTSdan 7,5 ball shuningdek, Ona tili va adabiyot fanidan A+ hamda Tarix fanidan A darajali milliy sertifikatlarga ega boʻlgan.
