OECD ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo 35 ta mamlakatda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan o‘rtacha 54 foiz ko‘proq maosh oladi. Bu borada eng katta farq Janubiy Afrika Respublikasida, eng kichik ko‘rsatkich esa Norvegiyada qayd etilgan.
Oliy ma’lumot olish muvaffaqiyatli karyera qurish va yuqoriroq maosh olish imkoniyatini oshiradi. Biroq oliy ta’limning ish haqiga ta’siri mamlakatlarga qarab sezilarli darajada farq qiladi. Ayrim davlatlarda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan ikki baravardan ko‘proq maosh olsa, boshqalarida bu farq 20–30 foiz atrofida.
Ma’lumotning ish haqiga qanchalik ta’sir qilishini aniqlash uchun infografika mualliflari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ma’lumotlaridan foydalangan. Tadqiqotda 38 ta mamlakatdagi 25–64 yosh oralig‘ida bo‘lgan, yil davomida to‘liq ish kunida ishlaydigan xodimlarning daromadlari taqqoslangan.
Hisob-kitoblarda oliy ma’lumot deganda bakalavriat, magistratura va doktorantura darajalari, ayrim mamlakatlarda esa boshqa oliy ta’lim dasturlari ham nazarda tutilgan.
Qaysi mamlakatlarda oliy ma’lumot ko‘proq daromad keltiradi?
OECD ma’lumotlari mavjud bo‘lgan 35 ta mamlakatda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotga ega xodimlarga nisbatan o‘rtacha 54 foiz ko‘proq maosh oladi.
Oliy ma’lumotning ish haqi bilan bog‘liq ustunligi eng yuqori Janubiy Afrika Respublikasida kuzatilgan. Bu mamlakatda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga qaraganda o‘rtacha 206 foiz ko‘proq daromad oladi.
Keyingi o‘rinlarda Kolumbiya (150 foiz), Braziliya (138 foiz) va Chili (106 foiz) joylashgan. Shuningdek, Kosta-Rikada bu ko‘rsatkich 93 foiz, Vengriyada 76 foiz, Portugaliya va Peruda 75 foiz, Bolgariyada esa 74 foizni tashkil etadi.
AQShda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan o‘rtacha 70 foiz ko‘proq maosh oladi. Bu OECD mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 16 foiz bandga yuqori.
Mamlakatlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar
Infografikada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ma’lumotli va o‘rta ma’lumotli xodimlar daromadi o‘rtasidagi farq quyidagicha:
- Janubiy Afrika — 206 foiz;
- Kolumbiya — 150 foiz;
- Braziliya — 138 foiz;
- Chili — 106 foiz;
- Kosta-Rika — 93 foiz;
- Vengriya — 76 foiz;
- Portugaliya — 75 foiz;
- Peru — 75 foiz;
- Bolgariya — 74 foiz;
- AQSh — 70 foiz;
- Litva — 69 foiz;
- Irlandiya — 65 foiz;
- Isroil — 62 foiz;
- Chexiya — 60 foiz;
- Fransiya — 57 foiz;
- Slovakiya — 54 foiz;
- Meksika — 54 foiz;
- Latviya — 53 foiz;
- Germaniya — 53 foiz;
- Polsha — 52 foiz;
- Lyuksemburg — 50 foiz;
- Ispaniya — 48 foiz;
- Shveysariya — 48 foiz;
- Niderlandiya — 45 foiz;
- Avstriya — 43 foiz;
- Kanada — 41 foiz;
- Estoniya — 40 foiz;
- Finlandiya — 39 foiz;
- Ruminiya — 38 foiz;
- Belgiya — 37 foiz;
- Yangi Zelandiya — 36 foiz;
- Buyuk Britaniya — 35 foiz;
- Italiya — 35 foiz;
- Avstraliya — 31 foiz;
- Janubiy Koreya — 30 foiz;
- Shvetsiya — 25 foiz;
- Daniya — 23 foiz;
- Norvegiya — 18 foiz.
Qaysi mamlakatlarda farq eng kam?
Tadqiqotga kiritilgan mamlakatlar orasida oliy ma’lumotli va o‘rta ma’lumotli xodimlar daromadi o‘rtasidagi eng kichik farq Norvegiyada qayd etilgan — 18 foiz. Daniyada bu ko‘rsatkich 23 foiz, Shvetsiyada 25 foiz va Janubiy Koreyada 30 foizni tashkil qiladi.
Infografikada AQSh bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar ham keltirilgan. Unga ko‘ra, bakalavr darajasiga ega bo‘lgan amerikaliklar o‘rta ma’lumotlilarga qaraganda 65 foiz, magistratura yoki doktorantura darajasiga ega bo‘lganlar esa 114 foiz ko‘proq maosh oladi.
Biroq yuqori daromadli diplom egalari bilan boshqalar o‘rtasidagi katta tafovut barcha mamlakatlarda bir xil emas. Shuningdek, tadqiqotda oliy ta’lim uchun to‘langan kontrakt va boshqa xarajatlar hisobga olinmagan.
Izoh: Infografikadagi ma’lumotlarning aksariyati 2024-yilga tegishli.
Avvalroq, O‘zbekiston Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan bitiruvchilari eng ko‘p maosh oladigan ta’lim yo‘nalishlari ma’lum qilingandi.
