O‘zbekiston turkiy davlatlar yoshlari uchun har yili 200 ta ta’lim granti ajratadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 13-sammitida ma’lum qildi.
Bugun, 30-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida ishtirok etdi.
Anqarada Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sammitda yoshlar ta’limi, inson kapitalini rivojlantirish va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari texnologik taraqqiyotning asosini, avvalo, inson kapitali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh avlod tashkil etishini ta’kidladi.
Yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston” stipendiyasi doirasida 500 nafar xorijiy talabaga grant asosida taʼlim olish imkoniyati yaratilgan. Turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta taʼlim granti ajratishga tayyormiz. Qardosh mamlakatlar yoshlarining ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqiramiz, – ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
