Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida darsliklarni takomillashtirish, xalqaro baholash tadqiqotlarini o‘tkazish va pedagoglarni kasbiy rivojlantirish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirdi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan brifing o‘tkazdi.
Unda ta’lim sifatini baholash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tadqiqotlar va ta’lim tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bolalarning qobiliyatini erta aniqlash tizimi sinovdan o‘tkazildi
Bolalarning qiziqishi va qobiliyatlarini erta aniqlashga mo‘ljallangan yangi diagnostika tizimi yaratildi. Ushbu tizim sentabr oyida Toshkent shahridagi uchta maktab va uchta maktabgacha ta’lim tashkilotida sinovdan o‘tkazildi.
Maxsus topshiriqlar orqali bolalarning fikrlash, ijodkorlik, til o‘rganish va muloqot qilish qobiliyatlari baholandi. Natijalarni tahlil qilish va kuzatib borish uchun elektron platforma ham ishga tushirildi.
Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha UNICEF, Kembrij ekspertlari va mahalliy hamkor tashkilotlar ishtirokida umumiy o‘rta ta’limda yagona baholash va monitoring tizimini rivojlantirishga qaratilgan milliy dastur loyihasi ishlab chiqildi.
PIRLS va TIMSS xalqaro tadqiqotlari o‘tkazildi
Xalqaro baholash tadqiqotlari doirasida respublikaning 14 ta hududidagi 164 ta maktabda PIRLS 2026 tadqiqotining asosiy sinov bosqichi o‘tkazildi.
TIMSS 2027 tadqiqotining tajriba-sinov jarayonlari esa 27 ta maktabda tashkil etildi.
O‘quv dasturlarini takomillashtirish yo‘nalishida matematika, tabiiy fanlar, kimyo, informatika va musiqa fanlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlandi.
Hisobot davrida 110 ta darslik va 18 ta o‘quv-metodik majmua ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, 120 dan ortiq darslik, dastur va metodik qo‘llanma ilmiy-metodik kengashlarda muhokama qilindi.
“Metodik marafon”da 343 mingdan ortiq pedagog qatnashdi
Pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 310 ta o‘quv va metodik material tayyorlandi.
“Metodik marafon” tadbirlarida respublika bo‘yicha 343 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Ular uchun 4 600 dan ortiq mahorat darslari tashkil etildi.
“Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” doirasidagi 13 ta “MEET up” muloqot uchrashuvida esa 5 700 nafardan ortiq o‘qituvchi qatnashdi.
Maktab rahbarlarining boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham e’tibor qaratildi. Avgust oyida 205 nafar rahbar uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etilib, ular orasidan 130 nafar trener tayyorlandi. Ushbu trenerlar ishtirokida maktab direktorlari uchun onlayn seminarlar o‘tkazildi va ularda 10 mingdan ortiq kishi qatnashdi.
Bundan tashqari, maktab direktorlari uchun “Samarali maktab” metodik qo‘llanmasi hamda 56 soatlik “Ta’limda strategik boshqaruv” onlayn kursi tayyorlandi.
Inklyuziv ta’lim bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqildi
Psixologik xizmat va inklyuziv ta’limni rivojlantirish yo‘nalishida 819 nafar hududiy trener tayyorlandi.
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun individual rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, ularning bilimini baholash va ta’lim muhitiga moslashishini aniqlash bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqildi.
O‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish maqsadida ham qator ishlar amalga oshirildi. “Beshinchi ustozlar milliy forumi” doirasida hududiy pedagogik mahorat markazlarining 14 nafar o‘zbek tili metodisti milliy master-trener sifatida tayyorlandi.
Shuningdek, o‘zbek tili o‘qituvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari uchun treninglar o‘tkazilib, yana 166 nafar master-trener tayyorlandi. O‘zbek tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan interfaol platforma uchun 300 ta illyustratsiya, 50 ta audioyozuv va videomateriallar tayyorlandi.
Ta’limda 10 mingdan ortiq raqamli resurs yaratildi
Markazning Yagona raqamli ta’lim resurslari va xizmatlari portali rivojlantirildi. Raqamli muhitda 25 ta quyi platformani qamrab olgan 10 mingdan ortiq ta’lim resursi va multimedia vositasidan iborat kontent yaratildi.
Ulardan 6 400 dan ortig‘i ekspertizadan o‘tkazildi, yangi darsliklar asosida 900 dan ortiq raqamli material yangilandi.
O‘quvchilar uchun “Xavfsiz internet” kursi, pedagoglar uchun esa raqamli savodxonlik va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanishga oid o‘quv materiallari ishlab chiqildi.
Shuningdek, ta’limda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va yagona raqamli ta’lim tizimini shakllantirish bo‘yicha qaror loyihalari tayyorlandi. Ta’limning turli bosqichlarida foydalanilayotgan qariyb 40 ta axborot tizimi tahlil qilinib, ularning ma’lumotlarini yagona tizimga birlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida UNICEF, Kembrij, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Qozog‘istonning «Orleu» instituti va boshqa xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.
