Oliy ta’limga kirishda abituriyentlar uchun eng muhim masalalardan biri — grant yoki kontrakt asosida o‘qish. Ularning asosiy farqi ta’limning mazmunida emas, balki o‘qish xarajatlari qanday moliyalashtirilishida.
Grantda talabaning o‘qish xarajatlari davlat mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Kontrakt asosida esa ta’lim uchun belgilangan to‘lovni talabaning o‘zi yoki uning to‘lovchisi amalga oshiradi.
Biroq grant asosida o‘qish kontraktga qaraganda boshqa ta’lim degani emas. Har ikki holatda ham talaba o‘zi tanlagan ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qiydi, fanlarni o‘zlashtiradi, imtihonlarni topshiradi va belgilangan talablarni bajarganidan so‘ng diplom oladi.
Grant 4 yilga beriladimi?
Muhim jihat shundaki, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi.
Ya’ni talaba 1-kursga grant asosida qabul qilingan bo‘lsa, bu uning keyingi uch yil davomida ham avtomatik ravishda grantda o‘qishini anglatmaydi.
2-kursdan boshlab grant qayta taqsimlanadi. Bunda talabaning o‘qishdagi natijalari va ijtimoiy faolligi hisobga olinadi.
2-kursdan grant qanday taqsimlanadi?
Grant uchun da’vogarning GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi kerak.
Talabalarni baholashda:
- akademik o‘zlashtirish — 80 ballgacha;
- ijtimoiy faollik — 20 ballgacha
Shu mezonlar asosida grant keyingi o‘quv yili uchun qayta taqsimlanadi.
Grantning qanday turlari mavjud?
Amaldagi tizimda ta’lim granti hamda ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant mavjud:
- Ta’lim granti talabalarning natijalariga qarab qayta taqsimlanadi;
- Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant esa qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, maqsadli qabul va ayrim maxsus grantlar asosida beriladi.
Grantda o‘qigan talaba stipendiya oladimi?
To‘liq ta’lim grantini qo‘lga kiritgan talabalarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lanadi. Tabaqalashtirilgan ta’lim grantida esa stipendiya faqat to‘liq grant sohiblariga beriladi.
Grant asosida o‘qigan talaba 3 yil ishlab berishi shartmi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, ta’lim granti asosida o‘qigan talabalarning o‘qishni tamomlagach kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilingan.
Lekin ayrim maxsus grantlar yoki alohida huquqiy asosga ega dasturlarda bunday talab saqlanib qolishi mumkin.
Avvalroq, maksimal ball bilan talaba boʻlganlarning 200 nafariga Prezident granti berilishi va uni olish tartibi haqida ma’lumot berilgandi.
