Ayni vaqtda B2 sertifikati boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi

Ayni vaqtda B2 sertifikati boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi

Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til oʻqituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan oʻqituvchilar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriligi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga koʻrsatma xati yuborildi.

 

Unga koʻra, ayni vaqtda belgilangan talab darajasidagi (kamida B2) sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari maktablarda ishlashni davom ettirishi mumkin.

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 312-son qarorining 9-bandiga muvofiq, 2025-2026-oʻquv yiliga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi belgilangan.

 

Maktabgacha va maktab vazirligining maʼlum qilishicha, yuqoridagi qarorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish maqsadida ishlab chiqilgan qaror loyihasi jamoatchilik muhokmasidan oʻtkazilgan.

 

Muhokama yakuni boʻyicha natijalar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan oʻrganilib, qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan.

 

Keltirilishicha, mazkur loyiha boʻyicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingunga qadar belgilangan talab darajasidagi sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari ham umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻz mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat beriladi.

 

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingach, masala yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berilishi maʼlum qilindi.