4 yilda bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holati boʻyicha 445 ta jinoyat aniqlangan

4 yilda bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holati boʻyicha 445 ta jinoyat aniqlangan

Oʻzbekistonda 2022–2025-yillar davomida 14 yoshga toʻlmagan bolalarni zoʻrlash boʻyicha 445 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Bugun 29-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi Gulrux Agzamova 2022-2025-yillar oraligʻida 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holati yuzasidan 445 ta jinoyat ishi ish qoʻzgʻatilganini ma’lum qildi.

 

Statistikaga koʻra, 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta va 2025-yilda 123 ta shunday jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Eng yuqori koʻrsatkich 2024-yilda qayd etilgan.

 

Gulrux Agzamova parlamentdagi chiqishida masalaning faqat statistik koʻrsatkichlar bilan cheklanmasligini taʼkidladi.

 

“Bugun biz shunchaki navbatdagi qonun loyihasidan koʻproq narsani muhokama qilmoqdamiz. Biz farzandlarimiz taqdiri, ularning xavfsizligi, kelajakka ishonchi va eng muhimi, jamiyatimizda bola qadriyati qay darajada ustuvor ekanligi haqida gaplashmoqdamiz”, — dedi Gulrux Agzamova.

 

Uning taʼkidlashicha, ayrim bolalar qoʻrquv, uyat yoki vaziyatni tushunmaslik sabab yordam soʻrashga qiynaladi.

 

“Baʼzilar qoʻrqishadi, baʼzilar uyalishadi, baʼzilar tushunmaydi va baʼzilar hech kim quloq solmasligiga amin. Baʼzan, hatto biz kattalar ham bolaning yordam soʻrab bergan signallarini oʻz vaqtida anglay olmaymiz. Bolaning sukut saqlashi rozilikni anglatmaydi”, — dedi deputat.

 

Agzamovaning taʼkidlashicha, bolaning oʻzini himoya qila olmasligi jamiyat zimmasidagi masʼuliyatni yanada oshiradi.

 

Shuningdek, u Namangan viloyatida yaqinda yuz bergan voqea bolalarga nisbatan ogʻir jinsiy zoʻravonlik uchun jinoiy jazolarni kuchaytirish zaruratini yana bir bor koʻrsatganini taʼkidladi.

 

“Namanganda sodir boʻlgan dahshatli voqea, menimcha, hech kimni befarq qoldirmadi. Biz, tashabbusni boshlagan deputatlar, bolalarga nisbatan jiddiy jinsiy zoʻravonlik qilganlar uchun jinoiy jazolarni kuchaytirish zarurligiga yana bir bor aminmiz”, — dedi u.

 

Qonunchilik palatasida ayni yoʻnalishda bolalarga nisbatan zoʻravonlik va jinsiy tajovuzlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham koʻrib chiqilmoqda. Loyiha bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish, jabrlanganlarning huquqlarini kafolatlash hamda tegishli huquqiy mexanizmlarni kuchaytirishga qaratilgan.