Kirish imtihonlarida eng yuqori ball olagan va kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilingan yoshlarning 200 nafariga Prezident stipendiyasi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2021-2022-oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar Prezident granti joriy qilingan.
Muhim! Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti har yili Qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Nizomga koʻra, oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan balliga qoʻshib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.
Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga daʼvogar talabalar orasidan maxsus tanlov asosida aniqlanadi.
Ushbu grant uchun belgilangan maxsus ikkinchi kursdan boshlab har oy 2 579 444 soʻmdan toʻlanadi. Prezident grantini olgan talabalarga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya berilmaydi.
Agar oʻquv semestri yakuniga koʻra, talabaning kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmasa, bunday holatda ularga keyingi semestr davomida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya toʻlanadi.
Navbatdagi oʻquv semestri yakuniga koʻra, barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va toʻlab boriladi.
Bundan tashqari, oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
