Samarqandda oʻtkazilgan shaxmat olimpiadasining gʻolib va sovrindorlariga pul mukofotiga qoʻshimcha tariqasida uy va mashina ham beriladi.
29-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari bilan uchrashib, ularga davlat mukofotlarini topshirdi.
Prezident qarori bilan chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov hamda parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovlarga uy-joy va avtomobil berildi.
“Albatta, mashina ham kerak, lekin kelajak kelinlar uchun uy ham kerak”, – deb, hazil qildi Prezident.
Shuningdek, jamoa murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhamadov ham avtomobil bilan mukofotlanishi belgilandi.
Bundan tashqari, prezidentning tegishli farmoni boʻyicha Olimpiada chempioni boʻlgan har bir shaxmatchi 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti oladi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan har bir parashaxmatchiga esa 50 ming dollar, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan beriladi.
“Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning oʻzida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi”, – dedi Prezident.
Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilarning ota-onasi, ustoz va murabbiylari hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
