Jarqo‘rg‘onda o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilgan mansabdor jarimaga tortildi

Jarqo‘rg‘onda o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilgan mansabdor jarimaga tortildi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Ch. Jumayev maktab direktorlarini xizmat vazifalariga kirmaydigan ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilgani aniqlandi. Unga nisbatan 100 BHM miqdorida jarima qo‘llanildi.

 

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 56-maktab pedagog xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani aks etgan video tarqalgan edi.

 

Mazkur holat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.

 

O‘rganishlar natijasida Jarqo‘rg‘on tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Ch. Jumayev tomonidan maktab direktorlarini xizmat vazifalariga kirmaydigan ta’mirlash ishlariga majburiy ravishda jalb qilish holati o‘z tasdig‘ini topgan.

 

Mazkur holat bo‘yicha Ch. Jumayevning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 5-moddasi talablariga zid deb topildi.

 

Shunga ko‘ra, Ch. Jumayevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi ikkinchi qismi asosida bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida jarima qo‘llanilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Marhamatda o‘qituvchilar “majburiy mehnatga jalb etilgan” deb topilib, direktor esa 42 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan edi.