Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda pedagoglarning obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani to‘g‘risidagi video yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Jarqo‘rg‘on tumanidagi 56-maktab pedagog xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani to‘g‘risidagi video tarqaldi.
Mazkur holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan munosabat bildirilib, holat nazoratga olinganligini ma’lum qilindi. Hozirda videoda keltirilgan holatlarning haqqoniyligi hamda pedagog xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilgani o‘rganilmoqda.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganish yakunlari bo‘yicha holatga huquqiy baho beriladi. Qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ham mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Munosabatda ta’kidlanishicha, Jarqo‘rg‘on tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i tomonidan tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari 42-maktabga chaqirtirilgan. Videoda aks etgan hudud, xususan, temiryo‘l bo‘yida joylashgan fuqarolar xonadonlari atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmaganligi qayd etilgan.
‘‘O‘qituvchi va direktorlarni ish vaqtida sababsiz yig‘ilishga jalb qilinganligi uchun Jarqo‘rg‘on tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullariga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha taklif kiritildi.
Ayni paytda Jarqo‘rg‘on tumanida mas’ullar tomonidan berilgan topshiriqlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, ularni bajarish jarayonida xodimlarga nisbatan majburlash yoki bosim o‘tkazilgani bo‘yicha viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘qituvchilarni mazkur ishlarga majburiy jalb qilish bo‘yicha topshiriq berilmaganini ma’lum qilamiz, — deyiladi munosabatda’’.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy shahridagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlangan edi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, xodimlarni ta’mirlash ishlariga majburlagan mas’ul shaxsga ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
