Pokiston tibbiyot muassasalariga afg‘onistonlik talabalarni chiqarib yuborish va yangi qabulni to‘xtatishni buyurdi

Pokiston tibbiyot muassasalariga afg‘onistonlik talabalarni chiqarib yuborish va yangi qabulni to‘xtatishni buyurdi

Pokistonda tibbiyot oliygohlarida tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalar vataniga qaytishga majburlanmoqda. Mazkur qaror Pokistonda bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalarga, jumladan, o‘qishni tamomlash arafasida bo‘lgan talabalarga ham ta’sir qilishi mumkin.

 

Pokiston Islomobod va Kobul o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani sababli mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalariga afg‘onistonlik talabalarni o‘qishdan chiqarish va yangi qabulni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda joriy yil 9-sentyabr kuni Pokiston hukumati vakili ma’lum qilgan.

 

Pokiston hukumatining ta’kidlashicha, mazkur qaror Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani sabab qabul qilingan bo‘lib, boshqa davlatlardan kelgan talabalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

 

Pokiston Tibbiyot va Stomatologiya Kengashi (PMDC) tibbiyot va stomatologiya muassasalariga yuborgan ko‘rsatmasida joriy o‘quv yilida afg‘onistonlik talabalarga qabul yoki o‘qishga joylashtirishni taqiqlagan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilgan. Vazirlikka ko‘ra, tibbiyot va stomatologiya dasturlarida allaqachon tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalarga ham Afg‘onistonga qaytish buyurilgan.

 

Shuningdek, Pokistondagi tibbiyot muassasalarida Afg‘oniston fuqarolari uchun yangi qabul ham to‘xtatilgan. Lahordagi “King Edward Medical University” 20 nafar afg‘onistonlik tibbiyot talabasi, jumladan, 4 nafar ayol va yakuniy bosqichda tahsil olayotgan 7 nafar talabaga 24 soat ichida mamlakatdan chiqib ketish bilan bog‘liq rasmiy jarayonlarni yakunlash uchun murojaat qilishni buyurgan.

 

Pokiston Inson huquqlari bo‘yicha nodavlat komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Lahorda taxminan 100 nafar afg‘onistonlik tibbiyot va stomatologiya talabasi ushbu qarordan zarar ko‘rishi mumkin. Ayrim afg‘onistonlik talabalar yaqin orada deportatsiya qilinishidan xavotirlanib, tashkilotga xavfsiz boshpana va huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan.