Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi

Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi

Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida 2026/2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishida 200 nafar iqtidorli yosh o‘qishga qabul qilindi. Ta’lim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlashga yo‘naltirilgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ta’kidlanishicha, texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim jarayonida dual ta’lim tizimidan foydalanilib, nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘lashga e’tibor qaratilmoqda.

 

Muassasani barpo etish uchun davlat budjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurilgan.

 

2026/2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Ta’lim ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarni egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, texnikum Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham amaliy baza vazifasini bajaradi. Hududdagi ta’lim muassasalarining qariyb 4 300 nafar o‘quvchisi texnikumdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi.

 

Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi

 

Shuningdek, bunday ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

 

Prezident texnikum hududidagi Kasblar shaharchasi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash hamda ularni muayyan kasblarga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan.

 

Kasblar shaharchasida “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida o‘quvchilar zamonaviy uskunalarda bevosita ishlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi. Unda transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan.

 

Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi

Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi

 

Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritib, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish va kelgusida bandligini ta’minlashga qaratilgan yagona tizimni yaratishga xizmat qilmoqda.

 

Davlat rahbari yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va mazkur tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

 

Avvalroq, ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish