Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun davlat granti tasdiqlandi

Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun davlat granti tasdiqlandi

2026/2027-o‘quv yilida xorijiy va nodavlat OTMlarda tahsil olishni istagan abituriyentlar uchun 1 452 ta davlat granti ajratildi. Grant o‘rinlari uchun tanlov alohida test sinovlari asosida amalga oshiriladi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan 2026/2027-oʻquv yili uchun respublikada faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga 1 452 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.

 

Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun davlat granti tasdiqlandi

Eslatib o‘tamiz, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonlari iyun–sentyabr oylari davomida bo‘lib o‘tadi. Qabul to‘liq yakunlangach, muayyan xorijiy va nodavlat OTTga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun davlat granti ajratilgan ta’lim sohalari bo‘yicha tanlovda qatnashish imkoniyati yaratiladi.

Tanlov tartibi:

 

– To‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalar grant o‘rinlari uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tadilar (PQ–4319-son qaroriga muvofiq belgilangan miqdorda to‘lov undiriladi);

 

– Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun alohida test sinovlari tashkil etiladi;

 

– Test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballar ketma-ketligi bo‘yicha shakllantirilgan ro‘yxat tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi.

 

Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga ham to‘plagan ballari asosida mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ushbu grant tanlovida ishtirok etish huquqi beriladi.

 

Test sinovlarini o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tishning aniq muddatlari qabul jarayonlari to‘liq yakunlangach qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.