Maqsadli va maqsadsiz qabul nima? Qaysi birini tanlash foydaliroq?

Maqsadli va maqsadsiz qabul nima? Qaysi birini tanlash foydaliroq?

Ayni vaqtda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlarni ta’lim yo’nalishlari hamda OTMlarni tanlash jarayonida “Maqsadli va maqsadsiz tanlov o‘zi nima? Bularning farqi nimada?”, “Qay birini tanlaganda o‘qishga grant asosida kirish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi?” kabi savollar qiziqtirmoqda.

 

Aslida bu ikki tanlov tizimi bir-biridan nafaqat kvotalar, balki o‘qishni tamomlagandan keyingi majburiyatlari bilan ham farq qiladi.

 

Maqsadsiz qabul nima?

 

Maqsadsiz qabul esa barcha abituriyentlar ishtirok etadigan odatiy qabul tizimi hisoblanadi.

 

Bu holatda hududiy cheklov bo‘lmaydi. Respublikadagi istalgan hududda yashovchi abituriyent istalgan OTMga hujjat topshirib, umumiy grant yoki kontrakt o‘rinlari uchun barcha abituriyentlar bilan teng raqobatlashadi.

 

Bunda o‘qishni tamomlagach ma’lum hududda ishlab berish majburiyati mavjud emas.

 

Maqsadli qabul nima va u qanday ishlaydi?

 

Maqsadli qabul — bu davlat tomonidan ayrim hududlar yoki tarmoqlarda oliy ma’lumotli mutaxassislar yetishmasligini bartaraf etish maqsadida ajratiladigan alohida davlat granti kvotalari hisoblanadi.

 

Masalan, biror tumanda shifokorlar, maktab o‘qituvchilari yoki veterinariya mutaxassislari yetishmasa, hukumat aynan shu hudud uchun tegishli ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha grant o‘rinlarini ajratadi. Kelgusida ehtiyojga qarab o‘sha hududga boshqa yo‘nalishlar ham qo‘shilishi yoki kvotalar soni o‘zgarishi mumkin.

 

Bu kvotalar faqatgina:

 

–  o‘sha hududda doimiy ro‘yxatda turadigan, ya’ni “propiska”si bor bo‘lgan;

 

–  shu hududdagi maktab yoki texnikumda o‘qib, rasmiy hujjatga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun amal qiladi.

 

Demak, boshqa viloyatda yashaydigan yoki boshqa joyda o‘qiganlar bu kvotada ishtirok eta olmaydi.

 

Bunday grant asosida o‘qishga kirgan talabalar oliy ta’limni tamomlagach, o‘zlari uchun kvota ajratilgan hudud yoki tashkilotda kamida 5 yil davomida ishlashi shart. Aks holda, grant asosida o‘qish xarajatlari davlatga qaytariladi.

 

Oddiy qilib aytganda, davlat sizni grant asosida o‘qitadi, evaziga esa siz o‘qishni bitirgach, mutaxassis yetishmayotgan hududda ishlab berasiz.

 

Joriy yilda maqsadli kvotalar quyidagi yo‘nalishlarga ajratilgan:

 

 

Agar abituriyent maqsadli kvota bo‘yicha talabalikka tavsiya etilsa, u umumiy qabul parametrlari bo‘yicha tanlovda qatnashmaydi.

 

Maqsadli qabul kvotalari davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat kunduzgi ta’lim shakliga davlat granti asosida ajratiladi. Maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent, tegishli tuman (shahar) hokimligi, kadrlar buyurtmachisi bo‘lgan davlat organi (tashkiloti) hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuzadi.

 

Agar maqsadli kvotaga kira olmasa, uning imkoniyati tugamaydi. U avtomatik ravishda umumiy grant va kontrakt tanlovida ham qatnashadi.

 

Qaysi birida grantga kirish ehtimoli yuqoriroq?

 

Bu savolga yagona javob yo‘q.

 

Lekin amaliyotda ko‘p hollarda maqsadli kvotalarda raqobat umumiy tanlovga nisbatan pastroq bo‘ladi. Sabablari:

 

  • faqat bitta hudud abituriyentlari qatnashadi;
  • kvotalar alohida ajratiladi;
  • ayrim hududlarda talabgorlar soni kam bo‘lishi mumkin.

 

Natijada ba’zi yo‘nalishlarda umumiy grantga qaraganda pastroq ball bilan ham grant yutish ehtimoli mavjud.

 

Ammo bu barcha yo’nalishlarda shunday degani emas. Masalan, tibbiyot yo’nalishlarida maqsadli kvotalarda ham raqobat juda yuqori bo‘lishi mumkin.

 

Maqsadli qabulning afzalliklari

 

Maqsadli qabulni tanlagan abituriyent quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

 

  • alohida davlat granti kvotasi uchun kurashadi;
  • grantga kirishning qo‘shimcha imkoniyatiga ega bo‘ladi;
  • maqsadli kvotaga kira olmasa ham umumiy tanlovda ishtirok etadi;
  • o‘qish davomida to‘liq davlat granti asosida tahsil oladi.

 

Maqsadli qabulning majburiyatlari

 

Afzalliklar bilan birga maqsadli qabul muayyan majburiyatlarni ham yuklaydi.

 

Maqsadli grant asosida o‘qishga kirgan talaba to’rt tomonlama shartnoma tuzadi. Shartnomaga ko‘ra talaba oliy ta’limni tugatgach, kamida 5 yil belgilangan hudud yoki tashkilotda ishlab berishi shart.

 

Shuningdek, maqsadli qabul asosida o‘qishga kirgan talabalar uchun boshqa OTMga o‘qishni ko‘chirish (perevod qilish) taqiqlanadi.

 

Beshta yo‘nalishning barchasini maqsadli tanlash mumkinmi?

 

– Ha

 

Abituriyent o‘zi tanlaydigan 5 ta ta’lim yo‘nalishining barchasini ham maqsadli kvota ajratilgan yo‘nalishlardan tanlashi mumkin. Bunda uning doimiy yashash hududi uchun ushbu yo‘nalish bo‘yicha maqsadli kvota ajratilgan bo‘lishi kerak.

 

Shuningdek, maqsadli qabulda ishtirok etish uchun tanlov ustuvorligi (“Davlat granti” yoki “Ta’lim yo‘nalishi”)ning ahamiyati yo‘q. Abituriyent qaysi ustuvorlikni tanlashidan qat’i nazar, maqsadli kvota bo‘yicha tanlovda qatnashishi mumkin.

 

Agar siz o‘qishni tamomlagach o‘z hududingizda yoki davlat belgilagan tashkilotda 5 yil ishlashga tayyor bo‘lsangiz, maqsadli qabul grantga kirish ehtimolini oshiradigan qulay variant bo‘lishi mumkin. Ammo kelajakda ish joyini erkin tanlashni, boshqa hududga ko‘chib ishlashni yoki faoliyatingizni mustaqil rejalashtirishni istasangiz, maqsadsiz (umumiy) qabul siz uchun ma’qulroq tanlov bo‘lishi mumkin.

 

Shuning uchun hujjat topshirishdan oldin nafaqat grantga kirish imkoniyatini, balki o‘qishni tamomlaganingizdan keyingi majburiyatlarni ham sinchiklab o‘ylab chiqish tavsiya etiladi.

 

Avvalroq, oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar uchun magistraturaga maqsadli qabul boshlangani hamda qabul 30-iyulga qadar davom etishi haqida xabar bergan edik.