Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi maktab bitiruvchisi kimyo, biologiya hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan A, tarix fanidan B, matematika fanidan esa C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Kelajakda Toshkent tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 71-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Eshquvvatova Dilnura O‘tkirjon qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
U kimyo, biologiya hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan A, tarix fanidan B, matematikadan esa C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Endi esa asosiy maqsadi — Toshkent tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishiga talaba bo‘lish.
Dilnuraning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 10-sinfda shakllangan. Dastlab kimyo fanidan sertifikat olishni maqsad qilgan va shu yo‘lda harakatni boshlagan.
Avval kimyo fanidan sertifikat oldim. Bu yo‘lda, albatta, ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldim. Ammo har bir ustozimning yordami va ishonchi menga katta kuch berdi, — deydi u.
Yuqori natijalar qisqa muddat ichida qo‘lga kiritilmagan. Bitiruvchi kimyo faniga bir yarim yil, biologiyaga ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan. O‘zbek tili va adabiyot fanidan 4 oy, matematikadan 3 oy, tarix fanidan esa 2 oy ichida milliy sertifikatni olishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu natijalarga erishishda maktab darsliklari, ustozlari tavsiya etgan qo‘llanmalar, mustaqil ravishda xarid qilgan kitoblar va videodarslardan keng foydalangan.
U tayyorgarlik davrida vaqtini faqat o‘qishga bag‘ishlaganini aytadi.
Maktabda darslarimni o’z vaqtida qilib borardim, lekin imtihon yaqinlashgach, uyqudan ham, turli tadbirlar va ko‘ngilochar mashg‘ulotlardan ham voz kechganman. O‘sha paytda men uchun eng muhim ish o‘qish edi, — ta’kidlaydi Dilnura.
Tonggacha davom etgan darslar
Darslar davomiyligi tungi soat 2-3 gacha, ayrim paytlarda esa tonggi soat 4 gacha davom etgan kunlar ham kam bo‘lmagan. Abituriyentning aytishicha, ba’zan kechki soat 10 da uxlab, tonggi soat 3 da uyg‘onib yana dars tayyorlagan.
Har bir abituriyent singari uning hayotida ham tushkunlikka tushgan lahzalar bo‘lgan. Ammo bunday vaziyatlarda ota-onasining ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi unga yana kuch bag‘ishlagan.
Ba’zan juda tushkunlikka tushgan paytlarim bo‘lgan. Lekin o‘zimni qo‘lga olib, yana o‘qishga kirishganman. Insonning yonida uni qo‘llab-quvvatlaydigan insonlari bo‘lsa, har qanday qiyinchilikni yenga oladi. Mening eng katta tayanchim ota-onam bo‘lgan. Bugungi natijalarimda ularning hissasi beqiyos, — deydi Dilnura.
Yosh bitiruvchining fikricha, testda yuqori natija ko‘rsatish uchun savollarni shoshilmasdan, oxirigacha diqqat bilan o‘qish juda muhim.
Ko‘pchilik savolni to‘liq o‘qimasdan javobni belgilab qo‘yadi. Aslida esa savolda butunlay boshqa narsa so‘ralayotgan bo‘lishi mumkin. Men avval o‘zim yaxshi biladigan savollarni ishlab chiqaman, qiyinlarini esa oxiriga qoldiraman. Bu usul vaqtni tejaydi va ko‘proq savolga javob berish imkonini beradi.
“Maktablarda yo‘nalish fanlariga ko‘proq e’tibor qaratilishi kerak..”
Uning fikricha, 10–11-sinf o‘quvchilariga kelajakdagi mutaxassisligiga aloqador fanlarni chuqurroq o‘rganish imkoniyatini yaratish zarur.
O‘quvchilarni yo‘nalishiga aloqasi bo‘lmagan ayrim fanlardan ozod qilib, asosiy fanlarga ko‘proq vaqt ajratish va dars soatlarini ko‘paytirish maqsadga muvofiq bo‘lardi, — fikr bildiradi u.
Hozirda Dilnura ingliz va rus tillarini o‘rganmoqda. Kelgusida nemis tilini ham mukammal egallab, Germaniyada tahsil olishni rejalashtirgan.
Dilnurani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, muddatidan oldin 189 ball to‘plagan farg‘onalik abituriyent Abrorjon Rahmonov bilan suhbatlashgan edik.
