Germaniya, Litva va Xitoyda o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadalari yakunlandi. O‘zbekiston o‘quvchilari nemis tili, biologiya, iqtisod va matematika yo‘nalishlarida jami 11 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Iyul oyida Germaniya, Litva va Xitoy davlatlarida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari O‘zbekiston o‘quvchilari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Nemis tili, biologiya, iqtisod va matematika yo‘nalishlaridagi musobaqalarda terma jamoamiz jami 1 ta oltin, 2 ta kumush va 8 ta bronza, jami 11 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Fan olimpiadalari markazi xabar berdi.
Nemis tilidan rekord, biologiyadan tarixiy natija
Germaniyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro nemis tili olimpiadasi (IDO 2026) O‘zbekiston terma jamoasi uchun rekord natija bilan yakunlandi. Samarqand shahridagi 51-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Marjona Ibadullayeva A2 darajasida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Urganch shahridagi 19-AFCHO‘M o‘quvchisi Olimbek Baxtiyorov B1 darajasida bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Yana bir muhim natija Litvada o‘tkazilgan 37-Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO 2026) da qayd etildi. O‘zbekiston terma jamoasi ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana sovrindorlar safidan joy oldi. Ushbu olimpiadada Navoiy shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Murodbek Latipov va Orzugul Muxtorova, shuningdek, Jizzax shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Nursulton Ashiraliyev bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Xitoyda o‘tkazlgan olimpiadalar ham medallar bilan yakunlandi
Shenjenda bo’lib o‘tgan Xalqaro iqtisod olimpiadasida (IEO 2026) Ozbekiston vakillari yana ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi. Qarshi shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Asliddin Boynazarov hamda Nukus shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Nurlybay Alimjanov musobaqani sovrindorlar qatorida yakunladi.
Eng ko‘p medallar esa 67-Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO 2026) da qo‘lga kiritildi. Xitoyda o‘tgan musobaqada 119 mamlakatdan 685 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan qaytdi. Kumush medallar Elshod O‘ralov va Dostonbek Rahmonqulovga nasib etgan bo‘lsa, Azizbek Mamajonov, Elbek Zohidjonov hamda Rasulbek G‘afforov bronza medal sohibiga aylandi.
G‘oliblar qanday rag‘batlantiriladi?
Prezidentning 2024-yil 30-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari va ularni tayyorlagan ustozlar davlat tomonidan pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Qarorga ko‘ra, oltin medal uchun 824 million so‘m, kumush medal uchun 618 million so‘m, bronza medal uchun esa 412 million so‘m mukofot beriladi. G‘oliblarni tayyorlagan pedagoglarga mos ravishda 144,2 million so‘m, 103 million so‘m va 61,8 million so‘m miqdorida pul mukofoti ajratiladi.
Bundan tashqari, xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi. Oliy malaka toifasiga ega pedagoglarga esa bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi. Shuningdek, xalqaro olimpiada g‘oliblari davlat OTMlariga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.
Avvalroq, xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 4 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.
