O‘zbekistonlik o‘quvchilar 58-Xalqaro kimyo olimpiadasida 1 ta oltin va 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar Prezident qaroriga muvofiq 618 mln so‘mdan 1 mlrd 30 mln so‘mgacha pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
18-iyul kuni 58-Xalqaro kimyo olimpiadasining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan barcha o‘quvchilar sovrindor bo‘ldi. Xususan:
– Rayhona Tuymurodova — oltin medal;
– Jasur Mustafoyev — kumush medal;
– Azizmuhammad Hafizov — kumush medal;
– Mirjalol Homidjonov — kumush medal.
Ma’lumot uchun, Prezidentning 2024-yil 30-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
– Oltin medal uchun — 1 mlrd 30 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 185,4 mln so‘m;
– Kumush medal uchun — 618 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 103 mln so‘m;
– Bronza medal uchun — 412 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 61,8 mln so‘m.
Shuningdek, mazkur olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi ham bir pog‘onaga oshiriladi.
Avvalroq, davlat tomonidan g‘oliblari rag‘batlantiriladigan mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalari ro‘yxatiga yana bir olimpiada kiritilgani haqida xabar bergan edik.
