O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari tasdiqlandi. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda, qabul o‘rinlari deyarli barcha asosiy ta’lim shakllari bo‘yicha oshirildi. Abituriyentlar soni esa 677 ming 907 nafarni tashkil etdi. O‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 732 ming 411 nafar bo‘lgan.
Bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga ajratilgan qabul kvotasi bir yil ichida 148 ming 400 tadan 155 ming 852 taga yetdi. Bu 7 ming 452 ta yoki qariyb 5 foizlik o‘sish demakdir.
Kechki ta’lim shaklida o‘sish nisbatan kamroq bo‘lib, kvotalar 28 ming 732 tadan 28 ming 942 taga oshdi.
Masofaviy ta’lim esa eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili 18 ming 195 ta qabul o‘rni ajratilgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 20 ming 810 taga yetdi. Natijada masofaviy ta’limga qabul soni 2 ming 615 ta yoki 14 foizdan ortiq o‘sishni qayd etdi.
Magistraturada ham xuddi shunday tendensiya kuzatilmoqda. Kunduzgi magistratura 20 ming 210 tadan 22 ming 50 taga, kechki magistratura 1 ming 319 tadan 1 ming 393 taga, masofaviy magistratura esa 420 tadan 892 taga oshdi. Bu bosqichda ham eng yuqori o‘sish masofaviy ta’lim shakliga to‘g‘ri kelmoqda.
Maqsadli qabul parametrlarida keskin o‘zgarish kuzatilmagan bo‘lsa-da, ayrim yo‘nalishlarda kichik yangilanishlar mavjud.
Maktab ta’limi uchun ajratilgan kvotalar 626 tadan 648 taga oshirildi.
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida esa aksincha, kvotalar 1 ming 173 tadan 1 ming 31 taga kamaytirildi.
San’at sohasi uchun maqsadli qabul kvotasi esa 4 ta miqdorida saqlab qolindi.
Shuningdek, ilk bor maktab o‘qituvchilari uchun pedagogika magistraturasining masofaviy shakliga 200 ta maqsadli kvota ajratildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat granti asosidagi qo‘shimcha kvotalar 3 ming 907 tadan 4 ming 112 taga oshirildi.
Kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan 2 ming 500 ta kontrakt kvotasi o‘zgarishsiz qoldi.
Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari va SOS bolalar mahallalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar 1 ming 953 tadan 2 ming 56 taga oshdi.
Harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan yoshlar uchun ham qo‘shimcha qabul o‘rinlari ko‘paytirildi. 2025-yilda jami 9 ming 766 ta kvota ajratilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 10 ming 280 taga yetdi.
Jumladan:
- kunduzgi ta’lim — 7 793 ta;
- kechki ta’lim — 1 447 ta;
- masofaviy ta’lim — 1 040 ta.
Bu esa bir yil ichida 514 ta qo‘shimcha o‘rin paydo bo‘lganini anglatadi.
Shuningdek, joriy yilgi qabulda yana bir qancha ta’lim yo‘nalishlari uchun yangi kvota o‘rinlari yaratildi.
Bular orasida:
- dual ta’lim uchun 10 mingta qabul parametri;
- ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 3 ming 656 ta qo‘shimcha grant;
- o‘rmonchilar va ularning farzandlari uchun 35 ta alohida grant;
- xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta grant;
- Green University uchun 1 ming 30 ta qabul parametri;
- Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun alohida kvotalar.
Bu yil kvotalar bir muddat erta e’lon qilindi. O‘tgan yili oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari 25-iyul kuni, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash bosqichi boshlangandan so‘ng e’lon qilingan edi.
Joriy yilda kvotalar 17-iyul kuni, imtihon jarayonlari davom etayotgan paytda e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun, joriy yilda jami 677 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 451 744 nafarini (66,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari (33,4 foiz)ni ta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlagan fuqarolar tashkil etdi.
Abituriyentlarning 365 196 nafari (53,9 foiz)ni ayollar (2025-yilda 361 019 nafar), 312 711 nafari (46,1 foiz)ni esa erkaklar (2025-yilda 310 378) tashkil etadi.
Shuninmgdek, joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi (ushbu toifadagi abituriyentlarga «Abituriyent ruxsatnomasi» shakllantirilmagan). 2025-yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan edi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar sonida o‘zgaruvchan dinamika kuzatilmoqda. 2017-yilda 729 ming 950 nafar, 2018-yilda 675 ming 49 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. 2019-yilda bu ko‘rsatkich ilk bor 1 milliondan oshib, 1 million 66 ming 925 nafarga yetgan. Eng yuqori natija esa 2020-yilda qayd etilib, o‘sha yili 1 million 484 ming 85 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Keyingi yillarda abituriyentlar soni bosqichma-bosqich kamayib bordi. Xususan, 2021-yilda 948 ming 211 nafar, 2022-yilda 1 million 214 ming 232 nafar, 2023-yilda 1 million 18 ming 7 nafar, 2024-yilda 894 ming 279 nafar, 2025-yilda 732 ming 411 nafar, 2026-yilda esa 677 ming 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Shunday qilib, oxirgi ikki yil ichida abituriyentlar soni 54 ming 504 nafarga kamaygan bo‘lsa, 2020-yildagi rekord ko‘rsatkich bilan solishtirilganda kamayish qariyb 806 ming nafarga yetgan.
Shuningdek, joriy yilda IT va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun grant kvotalari 35 foizga oshirildi.
