2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid bakalavriat hamda magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi. Natijada mazkur yo‘nalishlarga jami 2 930 ta grant o‘rni ajratildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti kvotalari 35 foizga oshirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qo‘shimcha grantlar ajratilishi natijasida ushbu yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti belgilangan.
Shundan:
– bakalavriat bosqichi uchun — 2 309 ta;
– magistratura bosqichi uchun — 621 ta davlat granti ajratildi.
Bakalavriatda eng ko‘p grant Axborot tizimlari va texnologiyalari (729 ta), Kompyuter injiniringi (527 ta), Dasturiy injiniring (351 ta), Sun’iy intellekt (256 ta), Axborot xavfsizligi (230 ta) hamda Kiberxavfsizlik injiniringi (216 ta) yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.
Magistratura bosqichida esa eng ko‘p grant Kompyuter injiniringi (155 ta), Kompyuter tizimlari va ularning dasturiy ta’minoti (94 ta), Ta’limda axborot texnologiyalari (74 ta), Axborot tizimlari (67 ta), Axborot xavfsizligi (66 ta) va Sun’iy intellekt (55 ta) mutaxassisliklariga ajratilgan.
Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari umumiy qabul parametrlari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

