Germaniyada kitob savdosi hajmi qisqarib, yosh kitob xaridorlari soni tobora kamaymoqda. Kitob savdosi sohasi vakillarining ogohlantirishicha, kitobxonlik inqirozi nafaqat bozorga, balki mamlakat ta’lim tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Germaniya kitob bozori, ayniqsa, yoshlar orasida kitob o‘qishga qiziqishning pasayishi oqibatlarini tobora yaqqolroq his qilmoqda. Germaniya kitob savdosi uyushmasi tomonidan joriy yil 9-iyul kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda sohaning umumiy savdo hajmi 9,62 milliard yevroni tashkil etgan. Bu 2024-yilga nisbatan 2,7 foizga kamdir.
Salbiy o‘zgarishlar 2026-yilda ham davom etmoqda. Joriy yilning dastlabki olti oyida kitob savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yana 4,1 foizga qisqargan.
Eng katta pasayish yoshlar orasida kuzatilmoqda
Eng tashvishli holat bolalar, o‘smirlar va o‘spirinlar orasida qayd etilgan. 2025-yilda 10–15 yoshdagi kitob xaridorlari soni 30 foizdan ortiqqa, 20–29 yoshdagi yoshlar orasida esa qariyb 18 foizga kamaygan.
Taqqoslash uchun, barcha yosh toifalari bo‘yicha kitob xaridorlarining umumiy soni taxminan 5 foizga qisqargan.
Qayd etilishicha, kitobxonlikning pasayishi ta’lim tizimidagi muammolar bilan bog‘lanmoqda. Soha vakillari bu holatni ta’lim tizimidagi uzoq yillik muammolar bilan izohlamoqda.
Germaniya kitob savdosi uyushmasi rahbari Sebastyan Guggoltsning ta’kidlashicha, ta’lim siyosatidagi ko‘p yillik kamchiliklar aholining savodxonlik darajasining asta-sekin pasayishiga olib kelgan. Uning fikricha, bugungi bozor statistikasi aynan shu jarayon oqibatlarini yaqqol namoyon etmoqda.
U siyosatchilarni yuzaga kelgan vaziyatga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirib, o‘qish ko‘nikmasi fuqarolarning demokratik jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun eng muhim shartlardan biri ekanini ta’kidladi.
Savdo hajmi aksariyat yo‘nalishlarda kamaydi
Kitoblarning deyarli barcha toifalarida savdo hajmi pasaygan. Eng katta qisqarish sayohat adabiyotlari segmentida kuzatilib, savdo 11,6 foizga kamaygan.
Amaliy va metodik qo‘llanmalar savdosi 8,1 foizga, ilmiy-ommabop hamda hujjatli adabiyotlar 4,6 foizga, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan kitoblar esa 2,4 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda o‘sish ham qayd etilgan. Xususan, badiiy adabiyotlar savdosi 1,2 foizga oshgan.
Noshirlik sohasi ham qisqarmoqda
Pasayish nashriyotlar faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. 2025-yilda Germaniyada 52 ming 644 nomdagi yangi kitob nashr etilgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan qariyb 10 foizga kamdir.
Shu bilan birga, kitob bozori tuzilmasi ham o‘zgarib bormoqda. Onlayn savdo hajmi barqaror saqlanib qolgan bo‘lsa, an’anaviy kitob do‘konlari orqali amalga oshiriladigan savdo 3,7 foizga kamaygan.
Bir necha yillik o‘zgarishlardan so‘ng elektron kitoblar bozori barqarorlashgan. Aksincha, audiokitoblar segmenti izchil o‘sishda davom etmoqda. Xususan, 2025-yilda audiokitoblar bozori aylanmasi 13 foizdan ortiqqa oshgan.
Soha mutaxassislarining fikricha, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholining savodxonlik darajasini oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmasa, kitobxonlik inqirozi Germaniya kitob bozorining eng jiddiy uzoq muddatli muammolaridan biriga aylanishi mumkin.
Avvalroq, Oʻzbekistonda 17 mingdan ortiq kutubxona faoliyat yuritayotgani hamda kitob o‘qish va muzeyga borish biologik qarishni sekinlashtirishi haqidagi tadqiqot bilan bo‘lishgan edik.


