Rossiyada ikki o‘smir qiz “Kalmar o‘yini” ta’sirida 12 yoshli maktab o‘quvchisini o‘ldirdi

Rossiyada ikki o‘smir qiz “Kalmar o‘yini” ta’sirida 12 yoshli maktab o‘quvchisini o‘ldirdi

Moskva viloyatida 12 yoshli maktab o‘quvchisi pichoqlab o‘ldirildi. Qotillikda ikki nafar yuqori sinf o‘quvchisi gumonlangan. Taxminlardan biriga ko‘ra, qizlar “Kalmar o‘yini” serialidan ilhomlangan bo‘lishi mumkin.

 

Rossiyaning Moskva viloyati politsiyasi Oryexovo-Zuyevo shahar okrugida maktab o‘quvchisini o‘ldirishda gumon qilinayotgan voyaga yetmagan ikki nafar qiz qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

 

Joriy yilning 26-avgust kuni 12 yoshli o‘smir Kabanovo qishlog‘ida bedarak yo‘qolgan. Uni qidirishga ko‘ngillilar jalb qilingan. Ertasi kuni bolaning jasadi tashlandiq binoning podvalidan — mahalliy kasb-hunar maktabining sobiq yotoqxonasidan topilgan. Uning tanasida ko‘plab pichoq jarohatlari aniqlangan.

 

Ko‘p o‘tmay, jinoyat sodir etishda gumonlanib, 15 va 16 yoshli ikki nafar qiz qo‘lga olingan. Tergovchilar qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

 

Voqea qanday bo‘lgan?

 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalarga tayanib, Telegram-kanallar va OAV xabar berishicha, qizlar qotillikni oldindan rejalashtirgan, pichoq va qo‘lqoplar tayyorlagan. Ular marhumni qishloqdagi qo‘shnisi sifatida tanigan.

 

Ta’kidlanishicha, bola yo‘qolgan kuni qizlar uni “pivo ichishga” taklif qilib, sayr qilish bahonasida tashlandiq binoga olib borgan.

 

“Komsomolskaya Pravda” nashrining politsiya manbasidan olgan ma’lumotlariga ko‘ra, qizlar “odamlar qanday vafot etishini ko‘rishni” istagan.

 

Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, qizlar qotillikni telefonga tasvirga olgan va go‘yoki qandaydir “video chellenj”ni bajargan. Boshqa manbalarga ko‘ra esa, gumonlanuvchilar izlarni yashirish maqsadida telefonlarini ataylab o‘zlari bilan olmagan. Jinoyatdan keyin ular uylariga qaytgan.

 

Halok bo‘lgan bolaning onasi Irina “msk1” nashriga bergan intervyusida gumonlanuvchilar boshqa qotilliklarni ham rejalashtirganini aytgan.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovning taxminlaridan biri qizlar Janubiy Koreyaning “Kalmar o‘yini” serialidan “ilhomlangan” bo‘lishi mumkin. Mazkur serial syujetida qahramonlar omon qolish uchun shafqatsiz o‘yinlarda ishtirok etadi.

 

Bu yakuniy xulosami yoki tergovchilarning fikrimi, bilmayman. Bunday xulosaga qizlardan birining xonasida shu serialga oid plakatlar osig‘liq bo‘lgani asosida kelishgan, — degan bolaning onasi.

 

Shuningdek, gumonlanuvchilardan birining TikTok sahifasida serialdagi qotilliklar aks etgan videolar montaji aniqlangan.

 

50 kishilik ro‘yxat topildi..

 

Kabanovo qishlog‘i aholisidan biri “msk1” nashriga qizlarning ikkalasi ham bosiq va janjalkash bo‘lmaganini, biroq maktabdagi boshqa tengdoshlari ular bilan kam muloqot qilganini aytgan.

 

Ayolning ta’kidlashicha, ikki qiz o‘zaro yaqin munosabat o‘rnatgan, tez-tez muloqot qilgan va birga sayr qilgan.

 

Bundan tashqari, qizlarning yonidan 50 kishidan iborat ro‘yxat topilgan va unda halok bo‘lgan bola ham bo‘lgan.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, qizlar hech qanday submadaniyatga mansub bo‘lmagan — “satanizm yoki shunga o‘xshash” holatlar aniqlanmagan. Biroq ular haqiqatan ham “Kalmar o‘yini” serialiga berilib ketgan.

 

Huquq-tartibot idoralariga yaqin manbalarga tayanadigan REN telekanali qo‘lga olingan qizlarning ko‘rsatmalarini ham keltirgan. So‘roq vaqtida gumondorlardan biri anchadan beri “qon nima ekanini va odam o‘ldirish qanday bo‘lishini” bilishni istaganini tan olgan.

 

Gumonlanuvchilar aybiga iqror bo‘ldi

 

O‘smir qiz sodir etgan qotillikdan pushaymon ekanini uning otasi REN TV’ga ma’lum qilgan. Otasining so‘zlariga ko‘ra, u qizining qotillikni sodir etish sabablarini biladi, biroq bu haqda gapirishni istamagan. Shu bilan birga, u qizlardan hech biri ikkinchisini qotillikda ishtirok etishga majburlamaganini aytgan.

 

“msk1” nashrining yozishicha, sud Oryexovo-Zuyevodan bo‘lgan ikki nafar maktab o‘quvchini tashlandiq yotoqxona podvalida 12 yoshli bolani pichoqlab o‘ldirishda ayblab, qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan. Ular keyingi ikki oy davomida tergov hibsxonasida saqlanadi.

 

Umid qilamanki, ular qonun oldida ham, hayotda ham o‘z jazosini oladi, — degan marhumning onasi.

 

Avvalroq, Shvetsiyada sobiq o‘quvchi maktabiga qilich bilan hujum qilib, bir kishini o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.