“Bir kun kelib orzu qilgan natijangizga erishasiz”: muddatidan oldin 189 ball to‘plab, talaba bo‘lgan Robiyaxon hikoyasi

“Bir kun kelib orzu qilgan natijangizga erishasiz”: muddatidan oldin 189 ball to‘plab, talaba bo‘lgan Robiyaxon hikoyasi

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi bitiruvchisi Azimxo‘jayeva Robiyaxon Azamatovna 4 ta fandan milliy sertifikat olib, jami 189 ball bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: koreys tili yo‘nalishiga o‘qishga kirdi.

 

Robiyaxon sertifikat olish uchun har bir fandan o‘rtacha 2–3 oy, ayrim fanlardan esa 4 oygacha tayyorgarlik ko‘rgan. U yuqori natijaga erishish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rgani, imtihonlardagi qiyinchiliklarni qanday yenggani va tengdoshlariga qanday tavsiyalar berishi haqida so‘zlab berdi.

 

Talabalikka eltgan yo‘l: har bir fan uchun alohida usul

 

Robiyaxonning sertifikat olishga bo‘lgan qiziqishi bolalikdan boshlangan. U ayniqsa, til sertifikatiga ega insonlarni ko‘rganida, ularning bilimiga nisbatan hurmati oshganini aytadi. Shu tariqa sertifikat olish uning oldiga qo‘ygan muhim maqsadlaridan biriga aylangan.

 

Har bir fan uchun tayyorgarlik muddati turlicha bo‘lgan. Asosan 2–3 oy davomida shug‘ullangan, ayrim fanlarga esa 4 oygacha vaqt ajratgan.

 

“Onlayn manbalarga ishonishdan ko‘ra, o‘z ishining ustasi bo‘lgan ustozlarimga suyanishni afzal ko‘rganman. Shu bilan birga, menga eng yoqadigan manbalardan biri test to‘plamlari bo‘lgan”, — deydi Robiyaxon.

 

Uning fikricha, barcha fanlarni bir xil usulda o‘rganib bo‘lmaydi. Til fanlarida grammatika va o‘qish materiallariga, formulalar yoki tarixiy sanalarni talab qiladigan fanlarda esa yodlash, takrorlash va test ishlashga ko‘proq e’tibor qaratgan.

 

Eng qiyin fanlar — matematika va tarix

 

Robiyaxon uchun barcha fanlardan tayyorgarlik birdek oson kechmagan. Ayniqsa, matematika va tarix fanlari ko‘proq mehnat talab qilgan.

 

Maktabdagi o‘qish va sertifikatga tayyorgarlikni birga olib borishda esa kun tartibi muhim rol o‘ynagan. Maktabdagi darslar tushgacha davom etgani sababli, kunning ikkinchi qismini sertifikatlar uchun tayyorgarlikka ajratgan.

 

Uyqu rejimiga ham e’tibor bergan. Yarim tungacha o‘tirib o‘qishdan ko‘ra, vaqtliroq uxlash va ertalab miyasi tiniq paytda shug‘ullanishni afzal ko‘rgan.

 

“Ertalab, toza havoda o‘qish menga kechasi soat 12 gacha o‘tirib tayyorlanishdan ko‘ra samaraliroq tuyulgan”, — deydi u.

 

Sertifikat imtihonlari ham katta psixologik sinov

 

Bir nechta fandan sertifikat olish nafaqat bilim, balki psixologik jihatdan ham katta tayyorgarlikni talab qilgan.

 

Robiyaxonning aytishicha, sertifikat imtihonlariga qayta-qayta kirish ba’zan oliy ta’limga kirish imtihonini bir necha bor topshirayotgandek taassurot uyg‘otgan. Har bir imtihon oldidan hayajon va natijadan xavotir bo‘lgan.

 

Bu jarayonda oila a’zolari, qarindoshlari, ustozlari va do‘stlarining qo‘llab-quvvatlashi unga katta yordam bergan.

 

“Har doim ham o‘zingizdan eng yuqorisini talab qilavermang. Inson uchun bu yo‘lda yiqilish ham, turish ham tabiiy jarayon”, — deydi talaba.

 

U test ishlashdagi eng katta xatolardan biri sifatida savolni to‘liq o‘qimasdan taxminiy javobni belgilashni ko‘rsatadi. Uning tavsiyasiga ko‘ra, javob aniq bilinmagan taqdirda ham, avval savol va barcha variantlarni diqqat bilan o‘qib chiqish kerak.

 

“Telefonni olib qo‘yish emas, undan to‘g‘ri foydalanish muhim”

 

Robiyaxon tayyorgarlik vaqtida telefondan butunlay voz kechmagan. Aksincha, tushunmagan mavzularni izlash yoki kerakli ma’lumotlarni topishda undan foydalangan.

 

Biroq ijtimoiy tarmoqlar va boshqa chalg‘ituvchi ilovalar vaqtni olib qo‘ymasligi uchun ayrimlarini vaqtincha o‘chirib tashlagan.

 

Uning fikricha, o‘quvchining telefonini butunlay olib qo‘yish muammoning yechimi emas. Muhimi — undan qanday maqsadda foydalanishni bilish.
Robiyaxon o‘zidan keyin sertifikat olishga va oliy ta’limga kirishga tayyorlanayotgan tengdoshlariga esa bitta asosiy tavsiyani beradi: harakatdan to‘xtamaslik.

 

“Bir kun kelib, o‘zingiz kutgan va orzu qilgan natijaga erishasiz. Shuncha bosib o‘tgan yo‘lingizga hech ham achinmang”, — deydi u.

 

Avvalroq, qashqadaryolik bitiruvchi 10 ga yaqin oliygohlardan qabul xati olgani haqida xabar bergan edik