Oyoqlari yordamida yozib tahsil olayotgan o‘quvchi xorijiy universitetlarga talabalikka tavsiya etildi

Oyoqlari yordamida yozib tahsil olayotgan o‘quvchi xorijiy universitetlarga talabalikka tavsiya etildi

Qashqadaryolik 10-sinf o‘quvchisi Jasmina Toirova oyoqlari yordamida yozib tahsil oladi. Uning bilimga bo‘lgan intilishi, mehnati va qat’iyati natijasida xorijiy universitetlarga talabalikka tavsiya etildi hamda orzulari sari muhim qadam tashladi.

 

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Jasmina Toirovaning hayot yo‘li matonat va qat’iyatning yorqin namunasi bo‘la oladi.

 

2025-yildan buyon maktabda tashkil etilgan inklyuziv ta’lim sinfida tahsil olayotgan Jasmina qo‘llaridan foydalana olmasa-da, barcha yozma ishlarini oyoqlari yordamida bajaradi.

 

Uning aytishicha, ko‘pchilik oyoqlari bilan yozishini kimdir o‘rgatgan deb o‘ylaydi. Aslida esa bunday emas.

 

‘‘Bu menga Alloh tomonidan berilgan eng katta ne’mat’’, — deydi Jasmina.

 

Birinchi sinfdan boshlangan mehnat

 

Jasminaning hikoya qilishicha, maktabning ilk yillarida ustozlari unga alohida yordam bergan. Dars vaqtida doskadagi mavzularni ko‘proq og‘zaki javob bergan bo‘lsa, uyga qaytgach barcha yozma vazifalarni oyoqlari bilan bajarib kelgan.

 

‘‘Uyga kelganimdan keyin bugungi darslarni oyoqlarim bilan yozib bajarardim. Hatto ertangi darslarni ham oldindan tayyorlab qo‘yardim’’, — deydi u.

 

‘‘Menga eng katta tayanch — ota-onam’’

 

Jasminaning aytishicha, bugungi natijalari ortida, avvalo, ota-onasining cheksiz ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi turadi.

 

‘‘Hayotda menga eng avvalo yordam beradigan insonlar — ota-onam. Doimo meni qo‘llab-quvvatlab, shunday natijalarga erishishim uchun duo qilib kelishadi’’, — deydi u.

 

U maktabdagi sinfdoshlarini ham o‘ziga yaqin insonlar deb biladi. Ayniqsa, eng yaqin dugonasi Munisani alohida tilga oladi.

 

‘‘Hamma qiyinchiliklarimda ham, yaxshi kunlarimda ham yonimda bo‘lgan dugonam — Munisa. Qolgan sinfdoshlarimni ham birdek yaxshi ko‘raman’’, — deydi Jasmina.

 

Jurnalist bo‘lish orzusi

 

Jasmina bolaligidan jurnalistikaga qiziqishini aytadi. U ‘‘Yosh jurnalistlar’’ kastingida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 76 foizlik natija bilan sertifikat olgan. Bu esa uning jurnalist bo‘lish orzusini yanada mustahkamlagan.

 

Mehnatning ilk samarasi

 

Joriy o‘quv yili davomida Jasmina ingliz tilidan B1 darajali sertifikatni, tarix fanidan esa C+ darajali sertifikatni qo‘lga kiritgan.

 

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi imtihonlarda yuqori natija ko‘rsatib, Yangzhou University (Xitoy), Alfa University (Malayziya) hamda Charles University Foundation (Chexiya) ta’lim dasturlariga talabalikka tavsiya etilgan.

 

Jasmina buni orzulari sari qo‘yilgan muhim qadam deb hisoblaydi.

 

‘‘Eng katta maqsadim — Prezidentimiz bilan uchrashish va ularga o‘z natijalarim bilan faxrlanadigan mutaxassis bo‘lib yetishish’’, — deydi Jasmina.

 

Uning hikoyasi imkoniyat cheklovi insonning orzu va maqsadlariga to‘sqinlik qila olmasligini yana bir bor ko‘rsatadi.