Yaponiyada 15 yoshli maktab o‘quvchisi 46 ming nafardan ortiq foydalanuvchi obunasini bekor qilgani uchun qo‘lga olindi

Yaponiyada 15 yoshli maktab o‘quvchisi 46 ming nafardan ortiq foydalanuvchi obunasini bekor qilgani uchun qo‘lga olindi

Yaponiyaning Tokio politsiyasi Bandai Channel videostriming platformasidagi tizim zaifligidan foydalanib, qariyb 46,8 ming foydalanuvchining obunasini noqonuniy bekor qilganlikda gumon qilinayotgan 15 yoshli maktab o‘quvchisini qo‘lga oldi.

 

Tokio Metropoliten politsiyasining kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi Saytama prefekturasining Tokorozava shahrida yashovchi o‘smirni kompaniya faoliyatiga qasddan to‘sqinlik qilganlikda ayblamoqda.

 

O‘smir ayblovni tan olgan va striming xizmati operatoriga nisbatan hech qanday adovati bo‘lmaganini bildirgan.

 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2025-yil 4-noyabr kuni soat 17:00 dan 20:46 gacha shaxsiy kompyuteridan “Bandai Namco Filmworks” kompaniyasi boshqaruvidagi serverga soxta ma’lumotlar yuborgan. Natijada 46 812 ta akkauntning obunasi bekor qilingan va kompaniya xizmat faoliyatini qisqa muddatga to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, o‘smir dasturlashni boshlang‘ich maktabning 4-sinfida o‘rganishni boshlagan. Hodisa sodir bo‘lgan paytda esa u o‘rta maktabning 3-bosqich o‘quvchisi bo‘lgan.

 

Yaponiyada 15 yoshli maktab o‘quvchisi 46 ming nafardan ortiq foydalanuvchi obunasini bekor qilgani uchun qo‘lga olindi

 

Tergovchilar aniqlashicha, u kompaniyaning tarmoq trafigini tahlil qilish orqali tizimdagi zaiflikni aniqlagan va akkauntlarni bekor qiluvchi zararli dastur yaratishda ChatGPT sun’iy intellekt chatbotidan foydalangan.

 

Kompaniya zararni aniqlangach, o‘smirning serverga kirishini bloklagan. Biroq u IP-manzilini qariyb 30 marta o‘zgartirib, ruxsatsiz amallarni davom ettirgan.

 

Shundan so‘ng, kompaniya hodisa yuzasidan o‘tgan yilning noyabr oyida politsiyaga murojaat qilgan. Tergov davomida aloqa yozuvlari tahlil qilinib, gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, Tokio politsiyasi o‘tgan oy ham ushbu o‘smirni boshqa shaxsning akkauntiga noqonuniy kirganlikda, ya’ni kompyuterlarga ruxsatsiz kirishni taqiqlovchi qonunni buzganlikda gumon qilib hibsga olgan.

 

Yaponiyada 15 yoshli maktab o‘quvchisi 46 ming nafardan ortiq foydalanuvchi obunasini bekor qilgani uchun qo‘lga olindi

 

Bandai Channel — “Mobile Suit Gundam” kabi anime asarlarini namoyish etuvchi videostriming platformasi hisoblanadi.

 

Kompaniya o‘tgan yilning noyabr oyida ruxsatsiz kirish xavfi sabab xizmat faoliyatini to‘liq to‘xtatganini e’lon qilgan. Keyinchalik esa elektron pochta manzillari va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 1 million 366 ming nafargacha foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

 

Avvalroq, Buyuk Britaniyadagi nufuzli universitet talabalarining shaxsiy ma’lumotlari kiberhujumga uchragani haqida xabar berilgandi.