Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maktab xodimlariga ogʻir kasallik sababli moddiy yordam ajratish tartibini qoʻllash yuzasidan koʻrsatma berdi. Unda “ogʻir kasallik” tushunchasini aniqlash mezonlari hamda moddiy yordam ajratish uchun asos boʻladigan hujjatlar belgilab berilgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 30-iyundagi 05-40-4205-son koʻrsatma xati bilan umumtaʼlim muassasalari xodimlariga ogʻir kasallik munosabati bilan moddiy yordam ajratish tartibini qoʻllash yuzasidan qoʻshimcha tushuntirish berildi.
Koʻrsatma xati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 33-bandini amaliyotda yagona tartibda qoʻllash maqsadida ishlab chiqilgan.
Amaldagi tartibga koʻra, umumtaʼlim muassasalari xodimlariga xodimning oʻzi yoki uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandi) ogʻir kasallikka chalinganda, shuningdek tabiiy ofatlar oqibatida zarar koʻrganda direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moddiy yordam koʻrsatiladi.
Mazkur masala yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 12-maydagi 05-40-3069-son xatiga javoban Sogʻliqni saqlash vazirligi 2026-yil 16-maydagi 02-10/13437-son xati bilan “ogʻir kasallik” tushunchasiga aniqlik kiritgan.
Unda qayd etilishicha, ogʻir kasalliklar uchun alohida tasdiqlangan roʻyxat mavjud emas. Kasallikning yengil, oʻrta yoki ogʻir darajasi davolovchi shifokor tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan davolash standartlari, klinik protokollar hamda Xalqaro kasalliklar tasnifi (XKT-10) asosida belgilanadi.
Shuningdek, bir xil kasallik ham turli darajada kechishi mumkinligi taʼkidlangan. Masalan, oʻtkir respirator kasallik (gripp) ayrim holatlarda yengil, ayrim bemorlarda esa oʻrta yoki ogʻir darajada kechishi mumkin. Shu sababli kasallikning nomi emas, balki uning shifokor tomonidan belgilangan ogʻirlik darajasi asosiy mezon hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, umumtaʼlim muassasalari xodimlariga ogʻir kasallik sababli moddiy yordam ajratishda tibbiyot muassasasi shifokori tomonidan kasallikning ogʻir darajada ekanligi toʻgʻrisida berilgan xulosa asosiy hujjat sifatida qabul qilinadi. Ushbu xulosa asosida muassasaning ishchi guruhi qarori va direktor buyrugʻi bilan moddiy yordam ajratiladi.
Mazkur koʻrsatma hududlarda moddiy yordam ajratish amaliyotida yagona yondashuvni taʼminlash hamda “ogʻir kasallik” tushunchasini bir xil talqin qilishga xizmat qiladi.
