Samarqanddagi maktab direktorining nomaqbul yozishmalari haqidagi xabarlar yuzasidan MMTB rasmiy munosabat bildirdi

Samarqanddagi maktab direktorining nomaqbul yozishmalari haqidagi xabarlar yuzasidan MMTB rasmiy munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi 81-son maktab direktori bilan bogʻliq tarqalgan xabarlar yuzasidan viloyat MMTB munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, holat yuzasidan tegishli organlar tomonidan tekshiruv olib borilmoqda va yakuniy xulosa qonuniy oʻrganish natijalariga koʻra beriladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 81-son umumtaʼlim maktabi direktori bilan bogʻliq, uning goʻyoki nomaqbul soʻzlar ishlatgani, shuningdek, direktorning yozishmalari ekani iddao qilingan materiallar tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻldi.

 

Holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga koʻra, MMTB pedagoglarning kasbiy odob-axloq qoidalariga zid boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakatni qoralaydi hamda xizmat odobi va axloq meʼyorlariga qatʼiy rioya etilishi tarafdori ekanini bildirgan.

 

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir shaxsning shaʼni, qadr-qimmati va obroʻsi qonun bilan himoya qilinadi. Shu sababli, holat yuzasidan yakuniy xulosa faqat vakolatli organlar tomonidan olib boriladigan qonuniy tekshiruv natijalariga asoslanishi maʼlum qilingan.

 

Qayd etilishicha, mazkur holat boshqarma ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan.

 

Oʻrganishlar davomida har ikki tomon huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilgani aniqlangan.

 

“Ayni paytda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlari va qonuniy xulosalarga koʻra, holatga huquqiy baho berilib, zarur hollarda amaldagi qonunchilik asosida tegishli choralar koʻriladi” — deydi rasmiylar.

 

Boshqarma, shuningdek, jamoatchilikni tekshiruv yakunlanmaguncha asossiz xulosalar chiqarmaslikka va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.

 

“Jamoatchilikdan tekshiruv yakuniga qadar asossiz xulosalar chiqarmaslikni, tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikni hamda qonuniy jarayonlarga hurmat bilan yondashishni soʻraymiz”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

 

Avvalroq, Toshkentda o‘quvchisiga shilqimlik qilgan maktab direktori 5 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik.