Samarqandlik abituriyent toʻrtta sertifikat bilan OTMga kirish uchun maksimal ballni oldindan toʻpladi

Samarqandlik abituriyent toʻrtta sertifikat bilan OTMga kirish uchun maksimal ballni oldindan toʻpladi

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 11-maktab bitiruvchisi Xasanova Zilfuzar o‘zbek tili va adabiyotidan A, tarix fanidan B, matematikadan C+ hamda ingliz tilidan B2 darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Mazkur natijalar orqali u oliy ta’limga kirish uchun zarur bo‘lgan 189 ballni muddatidan oldin jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

 

Zilfuzar kelajakda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili» yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan. Unga ko‘ra, sertifikatlar aynan shu orzuga yaqinlashtiradigan eng muhim qadamlardan biri bo‘lgan.

 

Sertifikat olish g‘oyasi unda 10-sinf boshida paydo bo‘lgan. O‘sha paytdan boshlab u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.

 

«Kelajakdagi maqsadlarimga tezroq erishish uchun sertifikat olishga qaror qildim. Muntazam dars qildim, ko‘p test ishladim va har bir xatolarim ustida ishlashga harakat qildim. Natijada oldimga qo‘ygan maqsadimga erishdim», — deydi Zilfuzar.

 

Har bir fan uchun alohida reja tuzilgan. U ona tili faniga bir yil, ingliz tiliga bir yil, tarixga uch oy, matematikaga esa bir yarim oy davomida tayyorlangan.

 

Tayyorgarlik jarayonida u offlayn mashg‘ulotlar bilan birga onlayn kurslar, YouTube platformasidagi videodarslar va Telegram kanallaridagi materiallardan ham foydalangan.

 

Biroq uning fikricha, eng katta natijani aynan muntazam test ishlash va xatolarni tahlil qilish bergan.

 

«Har kuni ma’lum vaqtni darsga ajratishga, qiyin mavzularni qayta-qayta takrorlashga harakat qildim. Eng samarali usulim test ishlab, xatolarimni tahlil qilish bo‘ldi», — deydi u.

 

Imtihon savollari Zilfuzar kutgan darajada bo‘lgan. Shunga qaramay, ayrim topshiriqlar chuqurroq bilim va e’tibor talab qilgan.

 

«Savollar kutganimdek bo‘ldi. Ayrimlari chalg‘ituvchi edi, ba’zilari esa chuqurroq bilim talab qildi. Lekin puxta tayyorlanganim sababli testlarda qiynalmadim», — deydi o‘quvchi.

 

Maktabdagi darslar va sertifikat tayyorgarligini birgalikda olib borish uchun u kunlik rejalar tuzgan. Maktabdan keyingi vaqtining katta qismini esa dars qilishga bag‘ishlagan.

 

Ba’zan yuqori natija uchun uyqu hisobidan ham vaqt ajratishga to‘g‘ri kelgan.

 

«Yaxshi natijaga erishish uchun ayrim kunlari uch-to‘rt soatgina uxlagan paytlarim ham bo‘lgan. Albatta, charchoq va tushkunlikni his qilgan vaqtlarim bo‘ldi. Shunday vaziyatlarda maqsadimni eslab, biroz dam olib, yana darslarga qaytardim», — deydi u.

 

Zilfuzarning fikricha, muvaffaqiyat faqat bilim bilan emas, balki ruhiy tayyorgarlik bilan ham chambarchas bog‘liq.

 

«Psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim. O‘ziga ishonch va sabr muvaffaqiyatga erishishda katta rol o‘ynaydi», — deydi u.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlarni esa u vaqtni behuda sarflaydigan vosita emas, balki to‘g‘ri foydalanilsa, ta’lim uchun foydali yordamchi deb hisoblaydi.

 

«Telefonni dushman emas, vosita sifatida ko‘rdim. Dars vaqtida ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq bo‘ldim, undan asosan testlar va ta’limiy materiallar uchun foydalandim», — deydi Zilfuzar.

 

Bugun u sertifikatlar orqali o‘z maqsadiga yana bir qadam yaqinlashgan. Hozir esa ingliz tili va matematika bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlash bilan birga, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun to‘garak mashg‘ulotlari ham olib bormoqda.

 

«O‘zingizga ishoning va muntazam harakat qiling. Har kuni oz bo‘lsa ham oldinga qadam tashlasangiz, albatta maqsadingizga erishasiz. Sertifikat muvaffaqiyatning natijasi, uning siri esa mehnat va sabrda», — deydi Xasanova Zilfuzar.

 

Avvalroq, Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi 4-maktabning 11-“A” sinf bitiruvchisi Rustamjonov Og‘abek Ulug‘bek o‘g‘li maktabni tamomlash arafasida bir vaqtning o‘zida 4 ta fandan sertifikatni qo‘lga kiritganligi haqida xabar bergan edik.