“Bu darajalarni olish uchun 3 yil tayyorlandim..” — muddatidan oldin talaba bo‘lgan farg‘onalik abituriyent

“Bu darajalarni olish uchun 3 yil tayyorlandim..” — muddatidan oldin talaba bo‘lgan farg‘onalik abituriyent

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi 4-maktabning 11-“A” sinf bitiruvchisi Rustamjonov Og‘abek Ulug‘bek o‘g‘li maktabni tamomlash arafasida bir vaqtning o‘zida 4 ta fandan sertifikatni qo‘lga kiritdi. U ingliz tilidan CEFR B2, tarix fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, matematikadan esa C darajali sertifikat sohibiga aylandi.

 

Bugun Og‘abek o‘z oldiga yana bir katta maqsad qo‘ygan — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) tahsil olish.

 

Og‘abek sertifikatlar uchun tayyorgarlikni 8-sinfdan boshlagan. Bu yo‘l deyarli 3 yil davomida 11-sinfning mart oyigacha izchil davom etdi.

 

Tayyorgarlik jarayonida qiyinchiliklarni yengishda eng katta tayanchi oilasi bo‘lganini ta’kidlaydi.

 

U ingliz tili va tarix fanlari bo‘yicha sertifikat olish uchun ikki yil davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rgan. Majburiy fanlardan matematikaga 20 kun, ona tili va adabiyot faniga esa ikki oy vaqt ajratgan.

 

“Tarix fanidan katta ustozim – onam..”

 

Og‘abek ingliz tili bo‘yicha repetitor bilan shug‘ullangan bo‘lsa, tarix fanidagi muvaffaqiyatida onasining hissasi alohida bo‘lgan.

 

Onam tarix fani o‘qituvchisi. Tarixdan sertifikat olishimda meni aynan onam tayyorladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Tarix fanidan tayyorgarlik vaqtida men eng ko‘p xronologik jadval tuzish, tarixiy xaritalar bilan ishlash va mavzularni sabab–natija asosida tahlil qilish usullaridan foydalandim. Shu usullar voqealarni yaxshiroq tushunish va sanalarni eslab qolishga yordam berdi, — deydi u.

 

Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda turli xil onlayn darsliklardan ko‘p foydalangan bo‘lib, qiziqishini orttirishga yordam bergan.

 

“Faqat ko‘p o‘qish emas, dam olish ham muhim”

 

Bitiruvchining aytishicha, sertifikatlarga tayyorlanish jarayonida eng muhim omillardan biri — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash bo‘lgan.

 

Maktabdagi darslardan so‘ng u kunlik reja asosida tayyorgarlik olib borgan, bo‘sh vaqtini esa mavzularni takrorlashga sarflagan.

 

Ba’zan tayyorgarlik sabab uyqu rejimi ham o‘zgargan. Shunga qaramay, u dam olishga ham alohida e’tibor qaratgan.

 

Yaxshi natija uchun faqat ko‘p o‘qish emas, yetarlicha dam olish ham juda muhim ekanini tushundim, — deydi o‘quvchi.

 

Uzoq davom etadigan tayyorgarlik jarayonida charchoq va tushkunlik bo‘lishi tabiiy. Shunday paytlarda u biroz dam olib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini yana bir bor eslagan. Eng katta motivatsiyani esa yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi bergan.

 

Menimcha, psixologik tayyorgarlik bilim kabi muhim. Inson o‘ziga ishonsa va xotirjam bo‘lsa, bilimini ham yaxshiroq namoyon qila oladi, — ta’kidlaydi Og‘abek.

 

“To‘xtamay davom etgan inson g‘olib bo‘ladi..”

 

Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar tayyorgarlik jarayonidagi eng katta vaqt yo‘qotuvchilardan biri. Shu tufayli tayyorgarlik vaqtida Instagram kabi ilovalardan butunlay voz kechgan. Bu esa Og‘abekka vaqtini unumli rejalashtirishga yordam bergan.

 

Ba’zan manzilga eng tez yetgan emas, yo‘lda to‘xtamay davom etgan inson g‘olib bo‘ladi. Shuning uchun muntazam mehnat qilish va ortga chekinmaslik kerak.

 

Bo‘lg‘usi talabaning fikricha, maktablarda o‘quvchilarning qiziqishlari va individual imkoniyatlariga yanada ko‘proq e’tibor qaratilsa, yuqori natija ko‘rsatadigan yoshlar soni ham ortadi.

 

Hozirda u ingliz tilini yanada rivojlantirish maqsadida IELTS imtihoniga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, rus tilini o‘rganish va shaxsiy rivojlanish ustida ham ishlashda davom etmoqda.

 

Og‘abekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan avval talaba bo‘lgan Andijon viloyatida tugʻilib, bugun Toshkentda tahsil olayotgan Isayev Diyorbek bilan suhbatlashgan edik.