Yangi tartibga ko‘ra, 15 yoshga to‘lmagan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishi va ulardan foydalanishi mumkin bo‘lmaydi.
Birlashgan Arab Amirliklarida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlandi.
BAAning rasmiy WAM axborot agentligi xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga soluvchi yangi qarorni qabul qilgan.
Qarorga muvofiq mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun eng kam yosh chegarasi 15 yosh etib belgilandi.
Bundan kelib chiqib, 15 yoshga to‘lmagan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt ochishi yoki mavjud akkauntlardan foydalanishi mumkin emas. Shuningdek, ular uchun ushbu platformalarning funksiyalaridan foydalanish ham cheklanadi.
BAA Bosh vaziri va Dubay amiri Muhammad bin Rashid Ol Maktum mazkur qaror bolalarni raqamli muhitda himoya qilish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda raqamli xavfsizlikni yanada mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bolalarning texnologiyalardan xavfsiz, muvozanatli va yoshiga mos muhitda foydalanishini ta’minlashni maqsad qilgan.
Shuningdek, ota-onalarning roziligi ham mazkur taqiq va cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘la olmasligini ma’lum qilindi.
Avvalroq, Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash taklif qilingani haqida xabar bergan edik.
