Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash taklif qilindi. Hukumat koalitsiyasidagi Hlas-SD partiyasi ishlab chiqqan qonun loyihasi yoshlarni zararli kontent va radikallashuv ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.
Slovakiya hukumat koalitsiyasi tarkibidagi Hlas-SD partiyasi 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Partiya rahbari va mamlakat ichki ishlar vaziri Matúš Šutaj Eštokning ma’lum qilishicha, mazkur tashabbus yoshlar orasida radikallashuv va internetdagi zararli kontent ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar bolalarni kattalar bilan bir xil foydalanuvchi sifatida qabul qilmasligi kerak.
Qonun loyihasida 16–18 yoshdagi o‘smirlar uchun alohida himoyalangan rejim joriy etish ham taklif etilmoqda.
Mazkur rejim ularning shaxsiy ma’lumotlari va geolokatsiya ma’lumotlarini qo‘shimcha himoya qilishni nazarda tutadi.
Slovakiya ta’lim vaziri Tomáš Druckerning bildirishicha, hukumat ushbu tashabbusni 2026-yil avgust oyida ko‘rib chiqadi. Bunda faqat foydalanuvchilar o‘rtasida xabar almashishga mo‘ljallangan messenjer ilovalari cheklovlardan mustasno bo‘ladi.
Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi tartiblar 2027-yil yanvar oyidan kuchga kirishi mumkin.
Bundan avval Keir Starmer ham Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash rejalari borligini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, Kanada hukumati ham 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan edi.
