Xitoyda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi Bai Jian soʻnggi 30 yil davomida 276 nafar yetim yoki ota-onasi tashlab ketgan bolani oʻz qaramogʻiga olib, ularni sport va taʼlim orqali hayotga tayyorlab kelmoqda. Shu sabab u “Xitoyning Superdadasi” nomi bilan tanilgan.
52 yoshli Bai Jian Xitoyning Anshandagi maktabda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi. U 1995-yildan buyon “Dream Home” (“Orzular uyi”) deb nomlangan ijaradagi katta uyda bir vaqtning oʻzida 20–30 nafar bolaga boshpana berib keladi. Shu davr mobaynida bu yerda 276 nafar yetim yoki ota-onasi tomonidan tashlab ketilgan bola yashagan.
Ularning koʻpchiligi keyinchalik professional sportchi harbiy xizmatchi, davlat xodimi yoki universitet oʻqituvchisiga aylangan. 100 dan ortiq tarbiyalanuvchi oliy taʼlimni tamomlagan, 50 nafari esa milliy darajadagi sportchi maqomini olgan.
Bai Jian oʻzi ham kam taʼminlangan oilada tugʻilgan boʻlib, sportdagi isteʼdodi sababli pedagogika kollejiga kirgan va keyinchalik maktabda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi sifatida ish boshlagan.
Uning hayoti qarovsiz qolgan bir oʻquvchini oʻz qaramogʻiga olganidan soʻng butunlay oʻzgaradi. Shundan keyin u asta-sekin boshqa yetim bolalarni ham qabul qila boshlaydi.
Moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, Bai Jian qarz oladi va qoʻshimcha ishlarda ishlab, bolalarni boqadi. Ular bilan birga uning oila aʼzolari ham yordam beradi.
U bolalarni intizom va hayotga tayyorlashda sportni asosiy vosita sifatida tanlaydi. Har kuni ertalab soat 4:30 da bolalarni uygʻotib, kamida 12 kilometr yugurishga olib chiqadi.
“Sport adolatli. Sen nima eksang, shuni oʻrasan”, — deydi Bai Jian.
Bugungi kunda uning tarbiyalanuvchilari orasida marafon chempionlari bor. Uyda esa bolalar yutgan 1300 dan ortiq medal saqlanadi. Baʼzilari Tsinghua va Pekin kabi nufuzli universitetlarga ham kirgan.
Bai Jian bolalarga nafrat emas, sabr va mehnat muhimligini oʻrgatadi.
“Nafrat ikki qirrali qilich, u nafaqat boshqalarga, balki oʻziga ham zarar yetkazadi”, — deydi u.
Avvalroq, Xitoyning Jiangxi viloyatidagi o‘qituvchi o‘quvchilari bilan birgalikda ikki bosqichli suv raketasini yasagan edi. Mazkur raketa oddiy plastik idishlar va suv yordamida tayyorlangan bo‘lib, suv va havo bosimi prinsiplari asosida uchirilgan.
