Tugallanmagan oliy maʼlumotga ega oʻqituvchilar ham metodik ishlarini ommalashtirishlari mumkin

Tugallanmagan oliy maʼlumotga ega oʻqituvchilar ham metodik ishlarini ommalashtirishlari mumkin

Tugallanmagan oliy maʼlumotga ega oʻqituvchilar ham yangi tartib asosida ilgʻor tajribasi va faoliyati davomida qoʻllab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirishlari mumkin. Bu haqda Abdulla Avloniy pedagogik mahorat milliy instituti maʼlum qildi.

 

Xabar berganimizdek, MMTV ning 2026-yil 27-fevraldagi 84-sonli buyrugʻi bilan oʻqituvchilar ish tajribasini ommalashtirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga koʻra, metodik ish (metodik qoʻllanma yoki metodik tavsiya) ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga 10-aprel sanasiga qadar plagiat xulosasi va ijobiy taqriz bilan birgalikda joylanishi belgilangan.

 

A. Avloniy pedagogik mahorat markazining Taʼlimxabarlari.uz saytiga xabar berishicha, mazkur platformaga metodik ishlarni yuklash uchun talabgor erp.maktab.uz bazasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi lozim. Shuningdek, tugallanmagan oliy maʼlumotga ega oʻqituvchilar ham ushbu tartib asosida metodik ishlarini ommalashtirishlari mumkin.

 

Taqrizchi sifatida kimni koʻrsatish kerak?

 

‘‘Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasi va faoliyati davomida qoʻllab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisidagi” buyruq bilan tasdiqlangan ommalashtirish tartibining 1-ilovasiga muvofiq talabgorning metodik ishi yoʻnalishiga mos ravishda:

 

– ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi pedagoglar;

 

– inklyuziv taʼlim masalalari boʻyicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi pedagoglari;

 

– umumtaʼlim muassasalarining oliy yoki birinchi toifali, ijodkor va tajribali tegishli fan oʻqituvchilari;

 

– ilmiy darajaga va (yoki) ilmiy unvonga ega boʻlgan pedagoglarning ijobiy taqrizi olinishi koʻzda tutilgan.

 

Avvalroq ommalashtirishning yangi tartibiga koʻra kiritilgan oʻzgarishlar yuzasidan xabar bergan edik.