Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 20-sonli maktabning 35 o‘quvchisi turli darajadagi milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Maktab direktori Shuxrat Normuxammedovning Talimxabarlari.uz saytiga ma’lum qilishicha, o‘quvchilarning 5 nafari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha eng yuqori 189 ballni qo‘lga kiritgan.
“Ularning eng past natijasi ham 175 ballni tashkil etmoqda. O‘quvchilarimiz o‘z natijalarini yanada yaxshilash maqsadida tayyorgarlikni davom ettirmoqda”, — deydi maktab direktori Shuxrat Normuxammedov.
Direktorning ta’kidlashicha, maktab o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan. 9-sinf bitiruvchilarining qiziqishlari inobatga olinib, sinflar yo‘nalishlar bo‘yicha qayta shakllantiriladi. Jumladan, filologiya, aniq fanlar va tabiiy fanlar yo‘nalishidagi sinflar tashkil etilgan.
‘‘Har bir fan bo‘yicha tajribali o‘qituvchilar rahbarligida to‘garaklar faoliyat yuritadi. O‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari maktab ma’muriyati tomonidan muntazam tahlil qilinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rib boriladi’’, — deydi direktor.
Shuningdek, u maktabda faoliyat yuritayotgan 50 nafar pedagogning barchasi oliy ma’lumotli ekanligini ta’kidladi. O‘qituvchilarning 90 foizi turli malaka toifalariga ega bo‘lib, ularning 70 foizi oliy va birinchi toifali ustozlardan iborat. Shuningdek, 22 nafar o‘qituvchi fanlarni bilish darajasi bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarga ega.
‘‘Maktabda shakllangan sog‘lom muhit ta’lim samaradorligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bitiruvchi sinf oʻquvchilarining erishayotgan natijalari taʼsirida 10-sinf va hatto 9-sinf oʻquvchilari orasida ham OTMga kirish uchun yetarli natijaga erishayotganlar bor’’, — deydi Shuxrat Normuxammedov.
Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar orasida 9-sinfda o‘qiyotgan 4 nafar va 10-sinfda o‘qiyotgan yana 4 nafar o‘quvchi ham bor. Ayrim o‘quvchilar matematika fanidan sertifikat olish uchun sinov imtihonlarida qatnashib, natijalarini kutmoqda.
‘‘9-sinf oʻquvchilaridan Murodullayeva Amina, Xolmurodov Asilbek matematika fanidan sertifikat olish uchun sinov imtihonlariga kirgan va natijalarini kutmoqda. Agar oʻquvchilarimiz ushbu sinovda 100 foizlik natijaga erishsa, ularning jami toʻplagan ballari 189 balni tashkil etadi’’, — deya ta’kidlaydi maktab direktori.
Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida ushbu maktabni 71 nafar o‘quvchi bitiradi. Hozirga qadar 11-sinf o‘quvchilarida turli darajadagi 120 ta sertifikat mavjud. O‘tgan o‘quv yilida esa maktab bitiruvchilarining 85 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Test sinovlarida qatnashgan o‘quvchilarning o‘rtacha bali 133 ballni tashkil etgan.
“Bu yil ushbu ko‘rsatkichlarni yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun harakat qilayapmiz”, — deydi maktab direktori.
Mazkur maktabning talabalikka muddatidan avval erishgan 11-sinf o‘quvchisi Abduraxmonov Muzaffar Talimxabarlari.uz saytiga sertifikatgacha bo‘lgan tayyorgarlik jarayoni, bu natijaga erishish yo‘lida qilgan mehnatlari hamda tengdoshlariga tavsiyalari haqida so‘zlab berdi.
Abduraxmonov Muzaffar tarix fanidan A+, ingliz tili fanidan B2, ona tili va adabiyot fanidan B hamda matematika fanidan esa C darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, jami 189 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Bu natija unga tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha talaba bo‘lish imkoniyatini beradi.
Kelgusida u Toshkent Davlat Yuridik universitetining Davlat va jamiyat boshqaruvi yo’nalishida tahsil olishni rejalashtirgan.
Muzaffarning aytishicha, bu natijaga erishishda eng muhim omil qat’iy intizom va muntazam mehnat bo‘lgan.
“Ko‘pincha odatdagi uyqu vaqtimdan 3–4 soat kech uxlardim, ertalab esa boshqalardan oldin uyg‘onib yana dars qilishni davom ettirardim”, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, tayyorgarlik jarayonida yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
‘‘Onamjonim darslardan charchagan paytlarim doimiy ravishda mening kuchim bundan ortig‘iga yetishiga ishontirardilar. O‘ylashimcha ularning bu gaplari va oila a’zolarimning meni qattiq nazorat qilishlari meni bu natijaga erishishimga sabab bo‘lgan’’, — deydi Muzaffar.
Muzaffarning aytishicha, milliy sertifikat imtihoni jarayoni kutilganidek o‘tgan. Uning fikricha, yetarli tayyorgarlik ko‘rgan o‘quvchi uchun savollar qiyinchilik tug‘dirmaydi.
“Nazarimda, o‘qigan kishi uchun savollar qiyin tuyulmaydi”, — deydi u.
U ayrim savollarda aniq javobga ishonchi komil bo‘lmagan paytlarda intuitsiyaga tayanganini ham aytadi.
“Ba’zi savollarda intuitsiyaga tayandim va ko‘p hollarda shunday belgilagan javoblarim to‘g‘ri chiqdi”, — deydi Muzaffar.
U turli fanlarga turli muddat davomida tayyorlanganini aytadi. Masalan, tarix fanidan yuqori natijaga erishish uchun qariyb bir yil, ingliz tili uchun esa 1,5 yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
Muzaffarning aytishicha, so‘nggi bir yil davomida u kuniga 8–9 soat dars qilgan.
“Eng muhimi qat’iy intizom va maqsaddan chalg‘imaslik. Agar inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ysa va muntazam ishlasa, albatta natijaga erishadi”, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy shahridagi 11-AFCHO‘IM maktabining 23 nafar o‘quvchisi milliy sertifikat imtihonida yuqori natija qayd etib, muddatidan oldin talabalik maqomini qo‘lga kiritgan edi.
