Prezidentning “Maktabdan tashqari taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 8-sentyabrdagi PQ-277-son qaroriga asosan maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilgan.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2025-yil 30-sentyabrda 368-son buyrugʻi tasdiqlandi.
Ushbu buyruqqa koʻra, 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlaridagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimini har bir umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga 1 ta shtat birligida ajratish hisobiga boʻshaydigan 3400 ta shtat birliklarida faoliyat yuritayotgan xodimlar ogohlantirilishi belgilangan.
Aynan shu qoidaga koʻra, maktabda MMIBDOʻ lavozimining shtat birligi 1 shtat etib belgilanadi. Undan ortiqcha qismi esa (0,5 shtat, 1 shtat yoki 1.5 shtat) qisqartiriladi.
Demak, maktabda oʻzi 1 shtat birligi MMIBDOʻ lavozimi boʻlsa, bu shtat birligi qisqarmaydi.
Agar shtat birligi 1.5 yoki undan yuqori boʻlsa, aytganimizdek, 1 shtatdan ortiqcha qismi qisqartiriladi.
Avvalroq, maktablarda MMIBDO‘lari 1 (bir) shtat birligida ajratilishi belgilanganligi haqida xabar bergan edik.
