Indoneziyadagi minglab o‘quvchilar maktabda berilayotgan bepul tushlikdan zaharlanish oqibatida shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
G‘arbiy Yava provinsiyasidagi Sipongkor tumanida uch kun ichida 1 258 bola zaharlanish belgilari bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu voqea, prezident Prabowo Subianto boshchiligida amalga oshirilayotgan milliardlab dollarlik bepul ovqat dasturiga qarshi tanqidlarni kuchaytirdi. Dastur 80 million bolani bepul tushlik bilan ta’minlashni maqsad qilgan.
Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, zaharlanish noto‘g‘ri tayyorlangan ovqatlar — xususan, soya sousli tovuq, qovurilgan tofu va mevalar sabab bo‘lgan. Bolalarda qorin og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va nafas qisishi kabi alomatlar kuzatildi.
Milliy ovqatlanish agentligi zaharlanish texnik xatolik natijasida yuz berganini ma’lum qildi. Yanvardan sentyabr o‘rtalarigacha 4 700 dan ortiq bola zaharlangan, mustaqil tashkilotlar esa bu raqamni 6 400 dan oshganini bildirgan.
Tanqidchilar dastur xavfsizlik choralariga yetarlicha e’tibor qaratilmaganini va katta byudjet tufayli korrupsiya xavfi mavjudligini aytib, uni vaqtincha to‘xtatishni taklif qilmoqda. Biroq hukumat dastur davom etishini bildirgan.
