‘‘5 nafar pedagogdan 2 nafari “o‘yindan” chiqdi, qolgan 3 nafari ham bosim ostida’’ — advokat

‘‘5 nafar pedagogdan 2 nafari “o‘yindan” chiqdi, qolgan 3 nafari ham bosim ostida’’ — advokat

Xabaringiz bor, joriy yilning 15-aprel sanasidan 14-mayga qadar oʻtkazilgan attestatsiya natijalaridan norozi boʻlgan pedagoglar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligini sudga bergandi. Sud ishi 2025-yil, 12-avgust kuniga belgilangandi.

 

5 nafar pedagogdan 2 nafari “oʻyindan” chiqdi

 

Sudda pedagoglar huquqini himoya qilayotgan advokatlardan biri Muhammadamin Karimjonovning yozishicha, kecha, 12-avgust kuni birinchi sud majlisi oʻtkazilgan, keyingi sud majlisi esa 26-avgustga qoldirilgan. Lekin sudga daʼvo arizasi kiritgan oʻqituvchilar turli xil bosimlarga uchragan. Shu sababli, u sud ishi oxirigacha yetib borishiga shubha qilmoqda.

 

ʼʼ5 nafar pedagogdan 2 nafari “oʻyindan” chiqdi. Qolgan 3 nafar pedagog ham bosim ostida…Ular ham arizamizni qaytarib olsakmikan deb turishibdi…ʼʼ, — deb yozadi u.

 

Shuningdek, advokat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga murojaat qilib, quyidagilarni eslatgan:

 

ʼʼBiz “halol oʻyin” tarafdorimiz.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga esa eslatma:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 55-moddasiga koʻra, har kimga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

 

2. Advokat soʻroviga axborotni (hujjatlarni) taqdim qilmaslik maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi (MJTK 197-1-moddasi)ʼʼ.

 

Vaziyat qanday edi?

 

Joriy yil bahorgi malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan boʻlib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonda qatnashgan.

 

 

Attestatsiya natijalariga koʻra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball toʻplab, ijobiy natijalar qayd etgan. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qolgan. Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija koʻrsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58.9%) pedagoglar attestatsiyadan oʻtolmagan.

 

 

Malaka test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan oʻqituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqalgan. Attestatsiya natijalaridan noroziligi boʻlgan oʻqituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborilgan. Bu esa pedagoglarning turli xil eʼtirozlariga sabab boʻlgan.

 

 

2025-yil iyul oyida 5 nafar ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta oʻtkazish majburiyatini yuklash, maʼnaviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi kiritilgandi. Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi Apellyatsiya komissiyasi tomonidan pedagoglarning shikoyatlari asosli, huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deya topilib, rad etilgan.

 

 

Shuningdek, koʻplab pedagoglar haqiqatdan ham savollarning juda murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim holatlarda esa test savollarining talabga javob bermasligi bilan izohlagan.

 

 

Ammo, Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yildagi 572-sonli qarorning 60-bandida apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan eʼtiboran 5 kun muddatda murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan boʻlishiga qaramay, ushbu talablar vakolatli tashkilotlar tomonidan bajarilmagan.