Xiva shahrida Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi ta’lim majmuasida talabalar o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida, kunduzgi va masofaviy shakllarda tahsil oladi. 2026-yil uchun filialga 160 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti hamda Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan. Yangi ta’lim majmuasini qurish va jihozlash uchun davlat budjetidan 140 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Majmuada 560 o‘rinli o‘quv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi va 118 o‘rinli oshxona mavjud. Shuningdek, ikkinchi to‘rt qavatli binoda 628 o‘rinli auditoriyalar hamda 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.
2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ta’lim jarayoni o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida kunduzgi hamda masofaviy shakllarda tashkil etiladi.
Ta’kidlanishicha, bakalavriat bosqichida “Xalqaro xitoy tili ta’limi”, “Turizm boshqaruvi”, “Xalqaro biznes”, “Sun’iy intellekt”, magistratura bosqichida esa “Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi”, “Ta’lim boshqaruvi”, “Sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qishni davom ettirish hamda nufuzli tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyati yaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 343 million dollar bo‘lgan 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim dasturlarini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalar zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.



