2026/2027-o‘quv yili uchun yakuniy mandat natijalari 15-avgust kuni e’lon qilingan edi. Oliy ta’limga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar 25-avgustga qadar kollej va texnikumlardagi kasb va mutaxassisliklarni tanlashi mumkin.
Xabaringiz bor, 15-avgust kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha yakuniy tanlov natijalari e’lon qilindi.
Oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar kasbiy ta’lim muassasalaridagi kasb va mutaxassisliklardan birini tanlashi mumkin.
Ular 2026-yil 25-avgustga qadar my.uzbmb.uz saytida kasbiy ta’lim muassasasi (kollej yoki texnikum), kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari lozim.
Abituriyentlar tanlash muddati yakunlangunga qadar o‘z tanlovlarini o‘zgartirishlari ham mumkin. Bunda oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar tanlovda qatnashadi.
Abituriyentlarning kasbiy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani haqidagi yakuniy natijalar tanlov to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar vakant o‘rinlarga da’vogarlik qilishi mumkinligi haqida ham xabar bergan edik.
